Yoshlar o‘rtasida energetik ichimliklarga talab oshyapti, buning oqibatlaridan esa ko‘pchilik bexabar

Bugun voyaga yetmagan yoshlar o‘rtasida energetik ichimliklarga talab ortyapti. Ushbu ichimliklarni ichish nafaqat o‘smirlar, balki hali balog‘at yoshiga yetmagan maktab o‘quvchilari o‘rtasida ham ommalashgan.

Energetik ichimlikni haddan ziyod ko‘p iste’mol qilish insonning nafaqat salomatligiga, balki ruhiy holatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu ichimliklarni kimdir foydali, insonning quvvatini oshiradi desa, yana kimdir bu ichimlikka ruju qo‘ymoq xuddi giyohvand kimsaga o‘xshatib qo‘yadi, deyishadi. Mutaxassislarning aytishicha, ushbu «quvvatbaxsh» ichimliklar tarkibida inson organizmiga zararli 20 xildan ortiq moddalar bor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «quvvatbaxsh» ichimliklar ilk bor 1960 yilda Yaponiyada dori vositasi sifatida yaratilgan. Keyinchalik Yevropa va AQShni “zabt etgach”, tadbirkorlar bu mahsulotni ommalashtirish uchun tarkibiga bir qancha kimyoviy moddalarni qo‘shgan. 2014 yilga kelib Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘smirlar o‘rtasida energetik ichimliklar ko‘p iste’mol qilinayotganligi yuzasidan xavotirli bayonot bilan chiqdi. 2017 yilda esa AQShda 16 yoshli o‘smirning o‘limiga ko‘p miqdorda iste’mol qilingan energetik ichimlik sabab bo‘lganligi taxmin qilingan.

Doktor Eshchanovning aytishicha, ushbu ichimlikni kuniga 1,5-2 litrdan ichgan kishi eshimek yurak kasalligini orttirib oladi. Buning oqibatida to‘satdan o‘lim holati kelib chiqadi.

Insonga vaqtinchalik tetiklik baxsh etadigan “quvvat beruvchi”larning o‘rniga yillar mobaynida kishilar organizmiga foydali bo‘lib kelayotgan, tabiiy usulda tayyorlanadigan o‘rik va boshqa mevalar sharbati ichilsa, ayni muddao bo‘ladi.

Marjona PARDAYeVA.