Zamonaviy chiqindi poligoni qachon ishga tushadi?

Samarqand shahridagi yoshlar markazida “Maroqand obod” davlat unitar korxonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Fransiya Taraqqiyot agentligi ishtirokida amalga oshirilayotgan “Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilar boshqaruvini modernizatsiya qilish” loyihasi keng jamoatchilik vakillari bilan muhokama qilindi.

Tadbirda namoyish etilgan Samarqand shahrida chiqindilarni boshqarishni modernizatsiya qilish loyihasi haqida taqdimotda loyihaning maqsadi, rejalari amalga oshirishning kelgusidagi bosqichlari haqida ma’lumotlar berildi.

Mazkur loyihaning qiymati 37,167 million yevro bo‘lib, 2018 yil avgust oyidan boshlab  amalga oshirish boshlangan.

- Fransiya Taraqqiyot agentligi bilan kelishilgan holda (Sovid- 2019) pandemiya davrlarini inobatga olib, loyihaning amalga oshirish muddatlari bir necha marta o‘zgartirildi, - deydi loyihani amalga oshirish guruhi direktori Nurbek Saidov. - Hamkorlarimiz bilan o‘zaro kelishuvga asosan loyihani bajarish 2021 yil 28 iyundan 2024 yil 30 iyunga qadar uzaytirildi. O‘tgan yili agentlik tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ko‘rib chiqilib, 2 bosqichli xalqaro tender jarayoniga ruxsat berilgan edi. Ayni paytda tender yakunlanib, sentyabr oyidan qurilish boshlanishi kutilmoqda.

Modernizatsiya ishlariga Fransiya Taraqqiyot agentligining 23,53 million yevro, Yevropa Ittifoqining  8 million yevrolik granti hamda boshqa hamkorlarning 8,6 million yevrolik kredit mablag‘lari sarflanishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirgacha 10,568 million yevro miqdorida mablag‘ o‘zlashtirilgan. Jumladan, 80 ta maxsus texnika keltirildi. Shuningdek, Xishrav massivi  hududidagi chiqindi poligon uchun 5 ta yig‘uvchi, ortuvchi va tozalovchi maxsus texnikalar xarid qilindi.

Tadbirda korxona mutasaddilari jamoatchilikka poligon va saralash kompleksi uchun yana o‘nga yaqin maxsus texnikalarning xaridi kechikayotganligi, Samarqand shahrida 15 ta chiqindi to‘plash shoxobchasi uchun yer ajratish, markaziy chiqindixonada chiqindilarni ko‘mish (rekultivatsiya) qilish ishlari kechikib borayotganiga izoh berdi. 

Shuningdek, loyiha doirasida qurilishi lozim bo‘lgan maishiy chiqindilarni saralash zavodi hamda biogazni yoqilg‘iga aylantirish tizimi haqida ham ma’lumotlar berildi. Tez orada geo-informatsion tizim yaratish va axborot tizimlarini boshqarish uchun dasturiy ta’minot yaratish ishlari boshlanishi ta’kidlandi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.