Zarnews.uz’ga Namangandan maktub: Ularni ko‘rsam, baxt mehnatda ekanligini qayta-qayta aytgim keladi

Ko‘chamizda imkoniyat darajasi turlicha bo‘lgan oilalar istiqomat qiladi. Adirda, kengliklarda odam ishlatib dehqonchilik qiladigani ham bor. Ularning qo‘l ostida ishlaydiganlari ham bor. Chetdan qaraganda tafovut sezmaysiz. Birgalikda inoq bo‘lib yashaymiz.
Mardikor sifatida ishlaydiganlarida pulga haddan ziyod ehtiyoj ham yo‘q, aslida: turmush o‘rtoqlari ishlashadi; sharoitlari binoyidek. Lekin oilaga yordam bo‘lsin deb kunlik mavsumiy ishga chiqishadi.
Ertalabdan darvozalari oldiga suv sepib, supurishadi. Nonushtadan keyin maxsus “Damas”da ishga ketishadi. Kechki payt yana o‘sha mashinada qaytishadi.
Shularning nimasi yozadigan deb o‘ylashingiz mumkin. Diqqatimni tortgan narsa shu bo‘ldiki, 30 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan bu ayollar ishga xuddi do‘kon aylangani ketayotgandek borishadi. Xursand, yuzlaridan nur yog‘iladi. Doim qoshlarida o‘sma. Kiyimlari o‘zlariga yarashgan.
Bir kuni kunduzi bo‘lsa ham uylarida ekan. Ishga borishmabdi. Dam olamiz bugun deyishdi. Keyin qanday dam olishlarini ham bildim: kir yuvib, non yopib, kecha pullariga qo‘shimcha qilib berilgan meva-sabzavotlardan banka bekitishni dam olish deyilar ekan...
Biror marta hayotlaridan noliganlarini ko‘rmaganman. Qilgan yoki qiladigan ishlari haqida gapirishmaydi ham. Charchadim degan so‘z lug‘at boyliklarida umuman yo‘q
Har bir ishlarini mehr bilan mazza qilib bajarishadi. Uylarida doim sarishtalik hukm suradi. Farzandlari oq yuvib, oq taralgan.
Men ularni Baxt qasrining malikalari degim keldi. Malikalar Sizdan o‘rgansin yashashni. Aslida baxt mehnatda ekani ular timsolida qayta-qayta yodimga tushaveradi.
Dilfuza TURDIALIYeVA.