1-sinfga onlayn qabulda muammoga duch kelyapsizmi?
Viloyat bo‘yicha Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida bolalarni 1-sinfga qabul jarayoni onlayn shaklda amalga oshirilmoqda. Ammo, ayrim ota-onalar bu borada turli muammolarga duch kelmoqda. Xo‘sh, muammoga duch kelgan ota-onalar nima qilishi kerak?
Ushbu savolga viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish shu’basi metodisti Isomiddin Nusratov quyidagicha javob berdi:
- Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida 2023-2024 o‘quv yilida bolalarni umumiy o‘rta ta’lim maktablariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining elektron davlat xizmatlari portali (my.maktab.uz) orqali hujjatlar topshirish yo‘lga qo‘yilgan.
Hujjat topshirishda muammolarga uchrayotgan ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bu haqda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga, onlayn qabul bo‘layotgan shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlariga hamda maktabga murojaat bilan chiqishi kerak. Onlayn hujjat topshirishda yashash manzilidan biri - mahalla, ko‘cha yoki uy raqami elektron bazadan chiqmay qolsa, shu vaqtning o‘zida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha amaliy ishlar olib borilib, bazaga kiritish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, hujjat topshirishda mahalla nomi, ko‘cha nomi o‘zgargan bo‘lsa yoki yashab turgan manzil bo‘yicha emas, boshqa manzil chiqqan holatlar kuzatilsa, ota-ona o‘z hududidagi IIB bazasidan ma’lumotini yangilashi va o‘zgartirish kiritishi kerak bo‘ladi.