1-sinfga qabul bo‘yicha elektron platforma orqali hujjat topshirishda muammolar bormi?

2021-2022 o‘quv yilida Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi umumta’lim muassasalariga 78 064 nafar 1-sinf o‘quvchisi qabul qilinishi rejalashtirilgan.

15 iyundan boshlangan qabul jarayonlari “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan talablar bo‘yicha tashkil etilmoqda.

Fuqarolarga qulaylik yaratish va tizimda raqamli texnologiyalardan unumli foydalanish maqsadida ilk bor bolalarni 1-sinfga qabul qilish bo‘yicha my.maktab.uz elektron platformasi orqali qabul qilish tartibi yo‘lga qo‘yildi.

Tajriba tariqasida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyat markazlaridagi shaharlarda, jumladan, Samarqand shahrida umumta’lim maktablarining 1-sinfiga qabul jarayonlari mazkur elektron platforma orqali amalga oshirilmoqda.

Buning uchun, ota-onalar yashash manzili bo‘yicha biriktirilgan mikrohududdagi maktabga farzandlarini joylashtirish uchun  my.maktab.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishlari belgilandi. Elektron ro‘yxatdan o‘tish joriy yilning 5 iyul kuniga qadar davom etadi.

Samarqand shahrida ilk bor tashkil etilayotgan ushbu jarayonda ota-onalar my.maktab.uz elektron platforma orqali hujjat topshirmoqchi bo‘lganda mahallasi yoki ko‘chasining nomi chiqmayotganligi bo‘yicha murojaatlar bo‘lib turibdi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, ushbu platforma tajriba tariqasida joriy etildi va unda ayrim ma’lumotlar qo‘shimcha tarzda kiritilishini taqozo etadi. Muammolar yuzasidan Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi mas’ul xodimi Aziz Aliyev (66-235-30-62)ga murojaat qilish mumkinligini eslatib o‘tamiz.

Joriy yilning 29 iyun holatiga ko‘ra mazkur elektron platforma orqali Samarqand shahri bo‘yicha 1590 ta ariza qabul qilingan.

An’anaviy tarzda 1-sinfga qabul davom etayotgan viloyatning boshqa tumanlarida bugungi kunga qadar maktablarga 62 894 nafar bola qabul qilindi.

O‘quvchilarni maktabga qabul qilishda mikrohududga qat’iy rioya qilish, mikrohududdan barcha maktab yoshidagi (2014 yil yanvardan 2014 yil dekabrga qadar tug‘ilgan) bolalar qabul qilib bo‘lingach, kvotalar ortgan taqdirda boshqa hududdan bolalarni qabul qilish belgilangan.

Abutolib Qilichev,

Samarqand viloyati xalq

ta’limi boshqarmasi bosh mutaxassisi.