600 mingga yaqin bola 1-sinfda o‘qishni boshladi

Bugun, 6 sentyabr kuni O‘zbekistondagi 10 083 ta umumta’lim maktabida an’anaviy shaklda darslar boshlandi. Bu yil maktablarning 1-sinfiga 600 mingga yaqin bola qabul qilinib, ularga 12 turdagi o‘quv qurollari, maktab sumkasi, darsliklar majmuasidan iborat Prezident sovg‘alari topshirildi.

Joriy yilda “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida tashkil etilgan bo‘lib, unda maktablarning ko‘zga ko‘ringan bitiruvchilari, tadbirkorlar hamda davlat idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

“Bilimlar kuni” maktablarda “Mustaqillik dars”lari bilan boshlanib, unda O‘zbekiston mustaqilligi davrida erishgan yutuqlari haqida o‘quvchilarga so‘zlab beriladi.

Ma’lum sabablarga ko‘ra, maktabga bora olmagan bolalar uchun parallel ravishda “Onlayn maktab” loyihasi doirasida uydan ta’lim olishga imkoniyat yaratildi.