Bu yil birinchi sinfga qabul qay tartibda bo‘ladi?

2020/2021 o‘quv yili ham oxirlamoqda. Bugungi kundagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda aksariyat maktablar onlayn ta’lim shaklini tanlamoqda.

Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, ko‘pchilik ota-onalarda bu yil birinchi sinfga qabul qay tartibda tashkillashtiriladi, degan savol paydo bo‘lmoqda.

Ushbu savolga AOKAda umumta’lim maktablarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilganlik holatlari yuzasidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Rustam Karimjonov javob berdi.

– 2020-2021 o‘quv yilida Toshkent shahridagi umumta’lim maktablari uchun birinchi sinfga qabul jarayoni onlayn tarzda bo‘lib o‘tgan edi, – dedi R.Karimjonov. – Natijada poytaxtimizda 45 mingga yaqin o‘quvchi onlayn navbatga turib, maktabga bormasdan birinchi sinfga qabul qilindi. Bu tizim pandemiya sharoitida yaxshi samara berdi. Bu yil respublikamizning markaziy maktablarida to‘liq onlayn qabul jarayonini tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Bunda ota-ona maktabga bormay, uyida turgan holatda maktabga hujjat topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, bu birinchi navbatda, korrupsiyaning oldini oladi, shaffoflikni ta’minlaydi. Bundan tashqari, ushbu portalda o‘z hududida joylashgan maktablar to‘g‘risida ma’lumotlar olish, bog‘lanish va hujjat topshirish imkoniyati mavjud. Bu ota-onalar uchun vaqtini tejashda ham juda qo‘l keladi. Bu kabi yaratilayotgan loyihalar ota-onalarga yengillik berish, xavfsizlik yuzasidan bir qator imkoniyatlarni yaratadi.