Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiga bitta sinf kammi?

Huquqiy tashkilotda faoliyat yuritganim, ariza va shikoyatlar bilan ishlaganim bois bizga turli mazmundagi murojaatchilar keladi. Bu safar yosh, qiziqqon ayol murojaat qildi. Qizig‘i, u ayol o‘zi gap boshlaganda boshqa birovning gapini eshitmas ekan. To‘xtatishga urinishimiz, biz boshqa masalalar bilan shug‘ullanishimiz, bu masala bizning vakolatimiz doirasiga kirmasligi haqidagi gaplarimizni e’tiborga ham olmasdan, kuyib-yonib gapira boshladi:

-O‘tgan yili o‘g‘lim birinchi sinfga chiqqanida, mehnat ta’tili oldim, so‘ng o‘z hisobimdan ta’tilga chiqdim, rahbarim bilan kelishib, bir oyog‘im uyda bir oyog‘im ishxonada bo‘lib, xullas birinchi sinfni tamomladik. Yaqinda maktabidan xabar qilishdi – ikkinchi sinflar ikkinchi smenada o‘qisharkan! Nima uchun desam, o‘qituvchisi boshqa birinchi sinf olganmish! Ochofat bo‘lmay ketsin! Avval bitta sinfni eplab olsin! Nega bitta o‘qituvchiga ikkita sinfni berishadi? Mutasaddilarni topib bering! Bunga javob beradigan odam bormi?

Ayolni tinchlantirib, bu masala bilan Viloyat halq ta’limi boshqarmasi shug‘ullanishini, manzilini tushuntirib yubordik. Bu voqea balki yodimizdan chiqib ham ketardi. Ammo yaqin do‘stim ham bir necha kun o‘tib nolib qoldi. Ikkinchi sinfga o‘tgan o‘g‘lining o‘qishi yangi o‘quv yilidan boshlab, ikkinchi smenada bo‘larkan. “Katta farzandlarim ertalab o‘qishadi, kichik o‘g‘lim esa, o‘zi kiyinib, o‘zi ovqatlanib maktabiga ketishi kerak! Erta qishda nima bo‘ladi. Agar ishdan bo‘shasam, hayron bo‘lma!” 

Mutasaddilarga savolim bor?

Boshlang‘ich sinf o‘quvchisi, deylik 2-sinf o‘quvchilari ikkinchi  smenada o‘qishlariga qanday qaraysiz? Bizda boshlang‘ich ta’lim 4 yil bo‘lsa, birinchi sinf olgan o‘qituvchi 4 yil davomida o‘sha sinfni o‘qitishi kerak emasmi? U yana bir sinfga rahbarlik qilishi mumkinmi? Bitta sinfning ish hajmi, hujjatbozligi, tashvishi  yetib - ortadiku bir ayol pedagogga! (Boshlang‘ich sinflarda aksariyat o‘qituvchilar xotin- qizlardan iborat!)

Savolim juda oddiy, hatto ba’zilarga kulguli tuyulishi mumkinligini anglab turibman! Ammo biroz shoshmang!

Ilgarilari, bizning bolaligimizda shunday edi. Boshlang‘ich ta’lim uch yil  bo‘lsa, uch yil davomida jismoniy tarbiya, rus tilidan tashqari hamma darslarni birgina o‘qituvchi o‘tardi. Tushlikkacha o‘qib, maktab oshxonasida ovqatlanib olardik. Bu “gruppa” deb atalardi va tushlikdan so‘ng biroz harakatli o‘yinlar o‘ynab, kunni uzaytirilgan guruhda uyga berilgan vazifalarni bajarardik. Hatto “gruppa”da  ham  bolalar bilan boshqa o‘qituvchi shug‘ullanardi.

Mutaxassis sifatida sizga yaxshi ma’lumki, boshlang‘ich sinflarda o‘qish –o‘qitish bola uchun ham, o‘qituvchi uchun ham, qolaversa ota-onalar uchun ham ancha murakkab jarayon.  Boshlang‘ich sinflar o‘qituvchidan har bir bolaga alohida yondashuvni talab etadi. Shuningdek, farzandi maktabga chiqqan ota-onalar hayotida ham katta o‘zgarishlar bo‘ladi. Farzandi kelajagiga befarq qaramaydigan ota-onalar “bolasi bilan birga birinchi sinfda o‘qiydi” desam, balki biroz ko‘pirtirish bo‘lar! Lekin, shunday ota-onalar bor! Bolasining maktabga qadam qo‘yishi ko‘pchilik uchun katta voqea! Qolaversa, kunning birinchi yarmida bolaning o‘zlashtirish va qabul qilish qobiliyatlari kunning ikkinchi yarmiga qaraganda yaxshiroq bo‘lishini ham ko‘pchilik ruhshunoslar tasdiqlashi aniq.

Qizig‘i shundaki, o‘g‘lim yangi o‘quv yilidan ikkinchi sinfga boradi. Yaqinda maktab ma’muriyati ikkinchi sinflar ikkinchi smenada o‘qishlarini e’lon qilishdi. “Nega” degan savolimizdan ma’lum bo‘ldiki, o‘qituvchisi yangi birinchi sinf olibdi...

Bu birgina bizning muammo emas ekan, viloyatimizdagi aksariyat maktablarda vaziyat shundayligini surishtirib bildik. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining ikkitadan sinfi bor. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining maoshlari ishining og‘irligi sabab, fan o‘qituvchilarinikiga qaraganda ortiqroq bo‘lishini hamma bilsa kerak. Shu bois ham o‘qituvchilar yana bir sinf olishga harakat qilisharkan. Xo‘p, bunga ota-onalarning hech qanday qarshiligi yo‘q! Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Tushlikkacha 30-36 nafar bolani o‘qitib holdan toygan o‘qituvchi, ikkinchi smenadagi boshlang‘ich sinf bolalariga ham xuddi shunday sifatli ta’lim bera oladimi? Charchagan, asabiylashgan, tuzukroq tushlik qilishga ham ulgurmagan o‘qituvchi ikkinchi smenadagi o‘quvchiga nimani o‘rgata olardi? Shuning uchun ham internetda har xil jazavaga tushgan, bolalarga baqir-chaqir qilayotgan, ularga jarohatlar yetkazayotgan “ruhiy nosog‘lom”  o‘qituvchilarning videolavhalari tarqalib ketmayaptimi? Agar o‘qituvchining asablari “temirdan” bo‘lsa ham bunga dosh berishi qiyin! Mana bu masalaning og‘riqli tomoni!

Juda oddiy ko‘ringan masala mohiyatida bizning ertangi kunimiz, kelajagimiz egalari bilan bog‘liq tashvish yashirin emasmi?

Bolalarimiz sifatli ta’lim olishga haqli!

Gulchehra Berdiyorova.