Sarpo mashinasi milliy qadriyatlarimizga mos keladimi?

Keyingi paytda Samarqand shahrida peshtoqiga «sarpo mashinasi», deb yozib qo‘yilgan va yukxonasi to‘rt taraflama oynavand mashinalar harakatlana boshladi.
Ushbu mashinalar turmush qurayotgan kelin-kuyovlarning sarpolarini tegishli manzillarga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Albatta, yaxshigina xizmat haqi evaziga!
Bu xizmat kelin bo‘lmishlar xonadonidan fotiha to‘yi bo‘lishi mo‘ljallangan restoran yoki to‘yxonagacha kelinning sarpolarini (keyingi paytda kuyov bo‘lmishning kiyim-kechagi ham qo‘shilgan) olib borish hamda qaytarib kelishdan iborat.
«Sarpo mashinasi» kelin (kuyov) bo‘lmishga atalgan sarpo kiyimlarini yuklab olib, mahalla ko‘chasining boshidan oxirigacha tovush chiqaruvchi signallarni bosgani holda past tezlikda yurib o‘tadi. Bu bilan «sarpo mashinasi»dagi buyum va kiyim-kechak qo‘ni-qo‘shniga ko‘z-ko‘z qilinadi hamda ma’raka manziliga yetkaziladi. Fotiha to‘yi tugagach, yana mahalla ahli nazarini qaratgan holda belgilangan xonadonga olib boriladi.
Bu «yangi odat» xalqimizning milliy qadriyatlariga mos kelarmikan? Albatta, yo‘q. Chunki asrlar mobaynida shakllangan milliy-ma’naviy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va an’analarimizda bunday kelin sarposini ko‘z-ko‘z qilish hamda kelin kiyimlari bilan elga maqtanish udumi bo‘lmagan. Aksincha, momolarimizu onalarimiz kelin sarpolarini «ko‘z tegib qoladi», deya sandiqqa joylab, yomon niyatli kishilarning nazari tushishidan asragan.
Bugun esa kelin sarpolarini (hatto ichki kiyimlarini ham) mahalladoshlar va qavmu qarindoshlarga maqtab ko‘rsatish odatga aylanib bormoqda. Bu «odat» to‘y qilayotgan oilalar byudjetiga ham zarar yetkazmoqda.
Shunday ekan, mahallalar faollari kelin sarposini «sarpo mashinasi»da ko‘z-ko‘z qilishning oldini olishlari kerak.
Yo‘ldosh Suyunov.