“Farovonlik markazi” kambag‘allikdan chiqishga yordam beradi

Qo‘shrabot tumanidagi Navkat mahallasida Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Farovonlik markazi” foydalanishga topshirildi.
iz rahbarining “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, joriy yilda 1 million nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining ustuvor vazifasi sifatida belgilangan. Ushbu maqsadga erishish uchun yurtimizda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshirilmoqda.
Adliya vazirligi mazkur dasturni hayotga tatbiq etishda Qo‘shrabot tumaniga ko‘maklashmoqda. Vazirlik tomonidan tumandagi mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan xonadonlar a’zolarini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘rgatish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Navkat mahallasida tashkil etilgan "Farovonlik markazi" ushbu mahalladagi 3 mingdan ziyod aholi uchun Mustaqillik bayrami oldidan katta sovg‘a bo‘ldi. Markazda uchta asosiy yo‘nalish – ta’lim, tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Markazning ochilishida Adliya vaziri A.Toshqulov, Qo‘shrabot tumani hokimligi va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Akbar Toshqulov yangi markazning imkoniyatlari va afzalliklari haqida gapirib, bu hudud aholisini kambag‘allikdan chiqarishgagina emas, ularning yaxshi imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Markazda chet tili kurslari tashkil etilgan va tinglovchilar mutlaqo bepul tarzda xorijiy tillarni o‘rganadi. Chet tillarini yaxshi o‘zlashtirgan yoshlar esa qonuniy yo‘l bilan xorijda ishga borishiga ko‘maklashiladi. IT kurslarida qishloq yoshlari zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lib, uydan chiqmasdan dasturlash orqali daromad topishi mumkin. Tikuvchilik, milliy qo‘g‘irchoqlar yasashni o‘rgangan xotin-qizlar o‘z xonadonida bu faoliyat bilan shug‘ullanib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘ladi. Santexnika ishlari bugun eng talabgir yumush hisoblanadi. Shuning uchun markazda mahalla yoshlariga bu kasb ham o‘rgatiladi.
Qo‘shrabotda uzum va boshqa mevalarni quritish, qayta ishlash eng serdaromad faoliyat turlaridan biri bo‘lgani bois markazda uzum va mevani qaytash ishlash, qadoqlash yo‘lga qo‘yilib, eksportga chiqariladi.
“Farvonlik markazi” tashkil etilgan kurslar va faoliyat turlari bo‘yicha zarur texnika va jihozlar, kompyuter va o‘quv qurollari bilan ta’minlandi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha malakali mutaxassislar jalb qilingan.
Tadbir qatnashchilari yangi markaz faoliyati bilan tanishib, tinlovchilar bilan suhbatlashdi, yoshlarning orzu-intilishlari bilan qiziqdi.