Tog‘ ortidagi hayot
Nakurt - Payariq tumanining eng olis hududida joylashgan mahalla. Aholisi asosan lalmi yerda dehqonchilik qiladi va chorvachilik bilan shug‘ullanadi.
50 kilometrgacha masofani piyoda bosib o‘tganlar
Bir paytlar bu mahallada ulov masalasi juda og‘ir bo‘lgan. Yo‘llari ham shunga yarasha edi. O‘quvchilar ta’lim olishi, aholi tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun sharoit yetarli bo‘lmagan.
- O‘tmish haqida gapirsam, hozirgi yoshlarga ertakdek tuyuladi, - deydi 85 yoshli otaxon Muhammad Samarov. – Kattagina qishlog‘imizda birgina maktab bor edi. 8 yillik ta’limni shu yerda olganmiz. Yuqori sinflarda o‘qish uchun 8 kilometr uzoqlikda joylashgan qo‘shni Jizzax viloyati Forish tumani Garasha qishlog‘idagi maktabga qatnaganmiz. Keyin Samarqand qishloq xo‘jaligi institutida o‘qidim. Talabalik davrimda uyga 3-4 oyda bir kelardim. Sababi, texnika muammo edi. Samarqanddan duch kelgan texnikaga, asosan, yuk mashinalarida Qo‘shrabot tumanining Zarmitan qo‘rg‘onigacha kelib, bu yog‘iga 25 kilometr masofani piyoda bosib o‘tardik. Ba’zida Payariq tumani markazidan qishlog‘imizgacha, ya’ni 50 kilometrdan ziyodroq yo‘lda yayov yurganmiz. Aksariyat chaqaloqlar uyda yoki yo‘lda tug‘ilgan.
Bugun-chi? Mahallada bir nechta tibbiyot muassasasi, xususan, tez tibbiy yordam shoxobchasi ishlab turibdi. Ahamiyatlisi, deyarli har bir xonadonda avtomashina bor.
Tosh maktablardan mashhurlar yetishib chiqqan
Mahalladagi mavjud 14 ta qishloqda 5 ta maktab va ularning ikkitasiga qarashli 5 ta filiali bor. Shoir Azim Suyun, professorlar Ahmad Qo‘chqorov, Norqul Qo‘shmatov kabi taniqli shaxslar shu hududdagi 39-maktabda ta’lim olgan. Ular o‘qigan davrda bu maktab toshdan qurilgan binoda faoliyat olib borgan.
- 2012 yilda maktab uchun ikki qavatli yangi bino qurildi, - deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Rustam Eshquvvatov. – Ayni damda maktabning 4 ta filiali bor. Ularning birida boshlang‘ich ta’limni olganman va bugun shu filialda dars beraman. Biz o‘qigan paytda bugungidek imkoniyatlar yo‘q edi. Masalan, bino toshdan qurilgan, fasadi va tom usti loy bilan suvalgandi. Yog‘ingarchilik kunlarida chakka o‘tardi. Shunday kunlarda o‘qituvchimiz topshirig‘iga binoan maktabga kovush kiyib borardik va tomga tuz sepib, ustidan bosib chiqardik. Shu bilan bir muddat tomchi o‘tmasdi.
Bugun mahallada toshdan qurilgan maktablar o‘rnida zamonaviy, barcha sharoitlarga ega binolar qad ko‘targan. Imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan o‘quvchilar esa ko‘pgina yutuqlarni qo‘lga kirityapti.
- Bu yil maktabimizni tamomlagan 32 bitiruvchining 14 nafari davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi, - deydi maktab direktori o‘rinbosari Shoira Nazarova. – Ularning 7 nafari turli fanlardan milliy sertifikatlarga ega edi. Bir nafar bitiruvchimiz ingliz tili fanidan IELTS sertifikatini qo‘lga kiritib, muddatidan oldin nufuzli xalqaro universitet talabasi bo‘ldi.
Yoshlar ortiqcha kuchini hasharga ishlatadi
Ikki yildan beri mahallada yoshlar tomonidan jinoyatchilik sodir etilmagan. Ayni paytda bu yo‘nalish bo‘yicha Nakurt “yashil hudud” hisoblanadi.
- Mahallamizda 6193 nafar aholi istiqomat qiladi, - deydi yoshlar yetakchisi Oxun Aliyev. – Ularning 1684 nafari 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlardir. Yoshlarimizning 17 nafari ishsiz. Ular ham bekor qolgani yo‘q, hozircha mavsumiy ishlar bilan band. Bilasiz, tog‘lik yigitlar baquvvat g‘ayratli bo‘ladi. Ularning bo‘sh vaqti bo‘lsa, mahallada o‘tkaziladigan hasharga o‘z hissasini qo‘shadi.
Shu paytga qadar mahalla fuqarolar yig‘ini o‘z binosiga ega bo‘lmagan. Yaqinda hashar yo‘li bilan qurilish ishlari boshlab yuborildi. Har kim qurbi yetgancha moddiy yordam berdi. Ayrim yoshlar esa mehnati bilan binoning bunyod etilishiga hissa qo‘shdi. Imoratning devori bitib, tomi yopilgan. Qolgan ishlar, ya’ni tom ustini shiferlash, eshik va deraza romlarini o‘rnatish uchun homiylik yordami zarur. Bu masalaga tuman hokimligi ham alohida e’tibor qaratar balki.
Suvsiz yerda bog‘ yaratildi
Mahallada aholi daromadini oshirish, farovonlikni yaxshilash maqsadida ham xayrli tadbirlar amalga oshirilyapti.
- Yil boshida 71 nafar fuqaro ishsizlar ro‘yxatiga olindi, - deydi mahalladagi hokim yordamchisi Xurshid Qoraqulov. – Doimiy ishga joylashtirish, “Har bir oila - tadbirkor” dasturi asosida imtiyozli kredit ajratish hisobiga 50 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan fuqarolarga, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga subsidiya asosida tikuv mashinasi, shirinliklar pishirish pechi, motokultivator va boshqa shu kabi uskunalar berildi.
- Adirlikda joylashgan 25 sotix maydonda bog‘ yaratishga harakat qilyapman, - deydi ikkinchi guruh nogironi Arslon Eshmirzayev. – Turmush o‘rtog‘im, farzandlarim ko‘magida erta bahorda 150 tup gilos, 40 tup tut ko‘chatlarini o‘tqazdik. Mahalla tomonidan subsidiya asosida berilgan motokultivator yordamida yerga ishlov berib, nihollar orasiga qovun-tarvuz urug‘ini qadadik. Tajriba sifatida tomchilatib sug‘orish tizimini sinab ko‘rdim. Natijasi yaxshi bo‘ldi. Suv tejaldi, hech bir daraxt qurib qolmadi. Qovun-tarvuzning hosili ham yomonmas. Kelgusida bog‘ni 2 gektarga kengaytirish niyatim bor.
Bir paytlar mahallaning o‘ydim-chuqur bo‘lib yotgan asosiy ko‘chalari ravonlashgan. Ichki ko‘chalarga ham navbati bilan asfalt yotqizilyapti. Yaqinda “Tashabbusli byudjet” asosida 3 kilometrga yaqin yo‘l asfaltlandi. Ta’lim va tibbiyot muassasalari uchun ham qo‘shimcha zamonaviy binolar bunyod etilyapti.
To‘lqin Siddiqov,
Dilnoza Ahmadova,
Baxtiyor Mustanov (foto+video).