100 dan ortiq o‘zbekistonlik bolalar Germaniya klinikalarida davolanadi

Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Germaniyaning Friedensdorf International xalqaro tashkilotining malakali shifokorlari tomonidan tibbiy ko‘rik uyushtirildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ko‘rikda, viloyatimizdan tashqari Navoiy, Jizzax, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston respublikasidan kelgan tayanch-harakat tizimining tug‘ma irsiy kasalligi, jarohatlar asoratlari, kuyishning asoratlari oqibatida jismoniy harakatlari buzilgan hamda siydik yo‘li va ovqat hazm qilish tizimining tug‘ma nuqsonlari bo‘lgan bemor bolalar ko‘rikdan o‘tkazildi.

- Har yili Samarqandga kelib og‘ir ahvoldagi bemor bolalarni tanlab, davolash uchun olib ketamiz, - deydi loyiha koordinatori Kevin Dalbrux. – Ularning ayrimlari to‘liq tuzalib ketishlari uchun bir necha marta jarrohlik amaliyotidan o‘tishi zarur. Hamkorligimiz natijasida hozirgacha 535 nafar o‘zbekistonlik bolalar Germaniya klinikalarida davolanib qaytdi.

- 2002 yildan buyon mazkur xalqaro tashkilot bilan hamkorlik qilib kelamiz, - deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Rahima Rahmonova. – Hozirgacha viloyatimizdan 30 nafar bemor bolalar nufuzli klinikalarda davolash kurslarini o‘tab kelgan. Bu safar hamkorlarimiz beshta viloyatdan kelgan yuzdan ortiq bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, yurtimizda o‘tkazish imkoni bo‘lmagan operatsiyalarni amalga oshirish uchun olib ketadi.

Dilmurod TO‘XTAYEV.