2022 yilda naqd pul aylanmasi 38,1 foizga oshdi
2022 yilda banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 700,3 trln. so‘mni tashkil etgani holda 2021 yilning mos davriga nisbatan 38,1 foizga oshdi.
Jumladan, bank kassalariga naqd pul tushumlari 343,9 trln. so‘mni, o‘z navbatida, chiqim qilingan naqd pullar 356,4 trln. so‘mni tashkil etdi.
2022 yilda bank kassalariga jami naqd pul tushumlari 2021 yilga nisbatan 36,6 foizga oshgan bo‘lsa, savdo va xizmatlar sohasidan tushumlar 28,5 foizga (36,1 trln. so‘m) va bank xizmatlaridan naqd pul tushumlari 60,4 foizga (43,3 trln. so‘m) oshdi. Jami tushumlar tarkibida savdo va xizmatlar sohasidan tushumlar ulushi 3,0 foiz bandga kamayishi kuzatildi.
2022 yilda savdo va xizmatlar sohasidan jami tushumlar 259,0 trln. so‘mni tashkil qilib, shundan, 62,8 foizi (162,7 trln. so‘m) naqd shaklda, 37,2 foizi (96,3 trln. so‘m) terminallar orqali bank hisobraqamlariga kirim qilindi (2021 yilda 64,6 foizi naqd shaklda, 35,4 foizi terminallar orqali bank hisobraqamlariga kirim qilingan edi).
2022 yilda bank kassalaridan (shu jumladan, bankomatlardan) berilgan naqd pullar 2021 yilga nisbatan 39,5 foizga (100,9 trln. so‘m) ko‘paydi.
Mazkur holat bank kartalaridan naqd pul yechish miqdorining 54,4 trln. so‘mga (2021 yilga nisbatan o‘sish – 57,2 foiz), banklar tomonidan aholidan naqd chet el valyutasini sotib olish hajmlarining 18,1 trln. so‘mga (o‘sish – 28,3 foiz) oshishi asosiy omil bo‘lgan.