Markaziy bank naqd pullarning elektron maydonini joriy etadi

Markaziy bankning qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasida banklar tomonidan naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

O‘zgartirishlar “Naqd pullarning elektron maydoni” dasturiy majmuasini joriy etish bilan bog‘liq. Mazkur platforma dastlab Toshkentdagi bank filiallarida tajriba sifati, so‘ngra respublikaning barcha hududlarida joriy qilinadi.

Elektron maydonni tashkil etish maqsadi – tijorat banklariga pul mablag‘larini boshqarishda ko‘proq erkinlik berish.

Bunda tijorat banklarining bo‘linmalari o‘zlarining ortiqcha naqd pullarini taklif etishi, naqd pulga talabi bo‘lgan boshqa bo‘linmalar esa ushbu pul mablag‘larini jalb qilish to‘g‘risida kelishib olishlari mumkin.

O‘z navbatida, naqd pullarga bo‘lgan talablari platforma orqali qanoatlantirilmagan bank bo‘linmalari Markaziy bank tomonidan naqd pullar bilan ta’minlanadi.