Markaziy bank 16 ta tijorat bankini jarimaga tortdi
Ma’lum qilinishicha, Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasida 2023 yilning oktyabr oyida to‘lov tashkilotlari va banklar faoliyatining qonunchilik talablariga mosligi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishga doir talablarga hamda prudensial me’yorlarga rioya etilishi, shuningdek, ularda o‘tkazilgan tekshiruv natijalarida aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etishga qaratilgan choralar muhokama qilindi.
Xususan, Markaziy bank ko‘rsatmalariga amal qilmagani va yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlamagani sababli 1 ta tijorat bankiga ayrim operatsiyalarni amalga oshirishga cheklov o‘rnatildi, 1 ta to‘lov tashkilotining litsenziyasini amal qilish muddati 10 ish kuniga to‘xtatildi hamda 5 ta tijorat banki va 1 ta mikromoliya tashkiloti faoliyatida aniqlangan kamchiliklar uchun chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirilib, tijorat banklarining joylardagi filiallarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha 16 ta bankka nisbatan jarima chorasi qo‘llanildi.
Bundan tashqari, qo‘mita qarorlari bilan tijorat banklari boshqaruvlari zimmasiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralarni yaratish, shuningdek, Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf qilish va moliyaviy holatni sog‘lomlashtirish bilan bog‘liq talablarga rioya etish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan.