3 nafar bog‘cha xodimi ishdan bo‘shatildi
Joriy yilning 1 aprel kuni Samarqand tuman hokimligi va iste’molchilar huquqini ximoya qilish jamiyati tuman bo‘limi vakillari tomonidan 1, 19, 9, 13, 25, 33-maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati o‘rganildi.
Aniqlangan kamchiliklar bir dunyo: maktabgacha ta’lim muassasalarida sifatli o‘quv jarayoni yetarli darajada tashkil etilmagan, past malakali pedagog kadrlar, shuningdek, sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanish tashkil etilmagan, sanitar holatlar talabga javob bermaydi.
Samarqand tuman hokimi Shuhrat Jamolov rahbarligida tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi va maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari va xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor yig‘ilishda maktabgacha ta’lim tizimidagi mavjud dolzarb muammolar va kamchiliklar muhokama qilindi. Kamchilikka yo‘l qo‘ygan 3 nafar xodim vazifasidan ozod etildi, 2 nafar xodimga oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Maktabgacha ta’lim muassasalari mudiralariga Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2017 yil 19 iyul kuni tasdiqlangan «Maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilarining sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini tashkil etish to‘g‘risida»gi Nizom talablari yana bir bor tushuntirildi. Barcha bo‘g‘in rahbarlari sanitariya qoidalari va me’yorlari buzilgan holatda javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirildi.