Samarqandda 44 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi MTMga 1 foizlik imtiyozli kredit ajratilmagan
Bugungi kunda viloyatda jami 1444 ta maktabgacha ta’lim muassasalari mavjud. Mulkchilik shakliga ko‘ra, 637 ta bog‘cha davlat muassasasi hisoblanadi. Shuningdek, ayni paytda 51 ta nodavlat, 28 ta davlat-xususiy sherikchilik asosidagi hamda 727 ta oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ularda 108 ming 621 nafar o‘g‘il-qizlar tarbiyalanmoqda. Bu viloyatdagi 3-7 yoshgacha bo‘lgan 315 ming 28 nafar bolalarning 34,5 foizini tashkil qiladi.
Maktabgacha ta’lim muassasalari sonini ko‘paytirish viloyat hokimligida har haftaning seshanba va juma kunlari muhokama qilinishiga qaramasdan amaliy ishlarda o‘zgarishlar mutlaqo sezilmayapti. Nega?
Joriy yilda viloyatda jami 540 ta shundan, 152 tasi nodavlat, 388 tasi davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Viloyat hokimligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida qayd etilishicha, rejalashtirilgan 388 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim muassasasidan 137 tasi yoki 35 foizi bo‘yicha bitim tuzish ishlari boshlanmagan.
Shuningdek, 44 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim muassasalariga 1 foizlik imtiyozli kredit ajratilmagan.
Bundan tashqari, 3 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarining qurilish ishlari to‘xtab qolgan.