Markaziy bank muqobil energetika mahsulotlari uchun tijorat banklari tomonidan berilayotgan imtiyozli kreditlar haqda ma’lumot berdi
Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, quyosh panellari va boshqa qayta tiklanuvchi energiya manbai vositalari uchun banklar tomonidan imtiyozli kreditlar berilmoqda.
Tijorat banklari tomonidan “Yashil energiya” ishlab chiqaquvchi yuridik shaxslarga yillik 19-21 foizdan (tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kompensatsiyasi qo‘llanilsa 4,2 foizgacha qoplash sharti bilan), jismoniy shaxslarga yillik 18-20 foizdan 6 oylik imtiyozli davr bilan 5 yilgacha muddatga kreditlar ajratilishi joriy qilingan.
Tijorat banklari tomonidan bugungi kunga qadar jami 4 820 kVt uchun 47,1 mlrd. so‘m (shundan, 899 nafar fuqaroga 2 334 kVt uchun 24,4 mlrd. so‘m va 160 nafar tadbirkorlik sub’yektiga 2 486 kVt uchun 22,7 mlrd. so‘m) kredit mablag‘lari ajratilgan. Shuningdek, bugungi kunga qadar viloyatda 366 nafar tadbirkorning bino va inshootlarida o‘z mablag‘lari hisobidan 3,2 MVt quyosh panellari o‘rnatilib, ishga tushirilgan.
O‘z navbatida, jismoniy va yuridik shaxslarga quyosh panellarini qayta sotish uchun tijorat banklari tomonidan 2 ta tadbirkorlik sub’yektlariga 1,7 mlrd. so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.
Bugungi kunda viloyatimizda muntazam daromadga ega fuqarolar va samarali faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan quyosh panellarini xarid qilish uchun kreditlar ajratishda barcha resurslar yetarli darajada safarbar qilingan. Shu bilan birga, “Yashil energiya” kredit turlari va shartlari bo‘yicha ushbu havola orqali tanishingiz mumkin.