Quyosh nuri bilan ishlaydigan ilk nasos stansiyasi Payariqda ishga tushadi
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 7 noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda iqlim o‘zgarishlari tufayli yer yuzida suvga bo‘lgan talabning ortayotganiga alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, klaster va fermerlarga yetkazib berilayotgan har bir kub metr suvga respublika bo‘yicha o‘rtacha 212 so‘m xarajat qilinyapti. Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida bu ko‘rsatkich 2-3 barobar yuqori. Keyingi yillarda 1 milliard dollar hisobiga Qarshi, Amu-Buxoro, Amu-Zang kabi yirik nasos stansiyalar modernizatsiya qilingan. Lekin Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryoda o‘rta va mayda eskirgan nasoslar yangilanmagani uchun suv tannarxi oshib ketmoqda.
Hozir respublikadagi 2,5 million gektar yerni sug‘orish uchun 1600 dan ziyod nasos stansiya yiliga 6,8 milliard kilovatt elektr sarflayapti. 2017 yilda 2 million gektarga 8,3 milliard kilovatt elektr enargiyasi ishlatilar edi. Xususiy sheriklik asosida tejamkor nasos va quyosh panellarini o‘rnatib, 20 foiz elektrni tejash mumkin.
Qayd etilishicha, xorazmlik 92 nafar dehqon zamonaviy nasos o‘rnatib, elektrni 20 foiz tejamoqda. Ular quyosh paneli o‘rnatish hisobiga ehtiyojidan ortgan elektrni davlatga sotib, oyiga qo‘shimcha 7-8 million so‘m daromad olyapti. Davlat rahbari Xorazm tajribasini kengaytirish maqsadida elektr xarajati uchun subsidiyani nasoslarni yangilash va quyosh panellari o‘rnatishga bog‘lash kerakligini qayd etdi.
Viloyatimizda ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda nasoslar yordamida sug‘oriladigan maydonlar bor. O‘tgan asrda o‘rnatilgan nasoslardan foydalanish esa katta energiya sarfini talab qiladi.
Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasiga qarashli 94 ta nasos stansiyasi hamda 453 ta sug‘orish, 46 ta meliorativ tik quduq bor. Ushbu nasos stansiyalarida o‘rnatilgan 376 ta agregat yordamida viloyatimizdagi qariyb 70 ming gektar maydon sug‘oriladi. Joriy yilda ushbu nasos stansiyalar va tik quduqlarni ishlatish uchun davlat tomonidan 163,7 million kVt elektr energiyasi limiti ajratilgan.
- Nasos stansiyalar ekspluatatsiyasi davomida elektrni tejash, agregatlar ishonchli ishlashini ta’minlash maqsadida 2024 yilda samaradorligi yuqori bo‘lgan 9 dona nasos uskunasi va 17 dona elektr dvigatel, 15 dona reaktiv energiyani kompensatsiyalovchi kondensator qurilmasi xarid qilinib, o‘rnatildi, - deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Shokir Rahmonov. - Shuning hisobiga 780 ming kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilishga erishildi. Boshqarmaga qarashli 27 ta nasos stansiya va 51 ta sug‘orish qudug‘i davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida nasos stansiyalari va sug‘orish quduqlaridan foydalanuvchi korxona va fermer xo‘jaliklari boshqaruviga berilgan.
Boshqarmamizga qarashli nasos stansiyalarda 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumida ta’mirlash ishlari dasturiga ko‘ra, 117 ta nasos agregati va 126 ta tik sug‘orish qudug‘ini ta’mirlash rejalashtirilgan. Hozirgacha 32 ta nasos agregati va 35 ta tik sug‘orish qudug‘ida ta’mirlash ishlari olib borildi. Belgilangan ta’mirlash-tiklash ishlari nasos stansiyalari va energetika boshqarmasining Farhod qo‘rg‘onidagi va Kattaqo‘rg‘on shahridagi gidromexanik uskunalarni ta’mirlash ustaxonalarida bajarilmoqda.
Nasos stansiyalari yordamida chiqarilgan suvning hisobini yuritish maqsadida nasos stansiyalarida 94 dona onlayn suv o‘lchash qurilmalari o‘rnatildi. Stansiyalarda elektr energiyasini tejash uchun 2025 yilda dasturga binoan 16 ta elektr dvigatel, 8 ta kondensator qurilmasi, 7 ta chastota o‘zgartiruvchi qurilma, 12 ta 5 kVt quvvatli quyosh panellari, 310 dona energotejamkor LED lampalar o‘rnatilishi belgilangan va tadbirlar natijasida 1300 ming kVt soat elektr energiyasi tejalishiga erishiladi.
Bugungi kunda elektr energiyasini tejash, muqobil energiya resurslaridan foydalangan holda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish maqsadida ko‘plab innovatsion yechimlar ishlab chiqilgan, amalda sinab ko‘rilganlari ham talaygina. Ishlanmalar orasida quyosh nuridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish va uni suv olishga sarflash eng kamxarj yechimlardan bo‘lib qolmoqda. Biroq, hozirgacha bu texnologiya yuqori hajmda elektr energiyasi talab etadigan va katta maydonga suv yetkazib beradigan loyihalarda qo‘llanilmagandi. Xitoylik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda Payariq tumanida ana shunday loyiha sinov tariqasida amalga oshirildi.
Payariq tumanidagi 10 ta nasos stansiyasida o‘rnatilgan 42 ta agregat yordamida 5 ming gektardan ortiq maydonga suv yetkazib beriladi. Xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan agregatlar ko‘p energiya talab qilishi bilan birga, suv chiqarish hajmi yil sayin kamayib boradi. Xitoyning “ZHEJIANG TIANCI NEW ENERGY TECHNOLOGY” kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda tumandagi “Ming chuqur” nasos stansiyasiga quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatildi. Shu bilan birga nasos uskunalarini yangilash ishlari ham amalga oshirildi. Ushbu tadbirlar uchun xitoylik investorlar tomonidan 669,2 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflanib, 231 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan quyosh panellari, 2 dona nasos agregati o‘rnatilib, nasos stansiyasi binosi qurilish ishlari bajarildi.
- Bu hozircha viloyatda yagona shunday loyiha hisoblanadi, - deydi Payariq tumani suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi boshlig‘i Mahmud Ibragimov. – Bu loyiha sinov bo‘lgani uchun eski nasos stansiyasining yonida, 30 sotix maydonda o‘rnatildi, ya’ni avvalgi stansiya ham, yangi fotoelektrik stansiya ham ishlashi mumkin. Quyosh panellari batareyasiz, faqat kunduzi ishlaydi va eski stansiyaga nisbatan 30-40 foiz ko‘p suv chiqarish imkoniga ega. Agar zarurat bo‘lsa, kechasi uchun eski stansiya xizmatidan foydalanishimiz mumkin. Yangi stansiyada sinov ishlari bajarildi va bahorgi mavsumda dehqonlarimizga suv yetkazib berishni boshlaymiz. Agar mazkur loyiha o‘zini oqlasa, keyinchalik tumandagi “Suvchi” va “Dehqonobod” nasos stansiyalariga ham quyosh panellari o‘rnatish rejalashtirilgan.
Yangi stansiyaning elektr energiya sarfi bir yilda 345,3 ming kVt dan 305,0 ming kVtga pasaytirilib, 40,3 ming kVt elektr energiyasi iqtisod qilinadi. Barpo etilgan quyosh fotoelektr stansiyasi yiliga 368,6 ming kVt elektr energiyasi ishlab chiqarishi natijasida elektr energiyasi xarajatlarini qoplash uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘ tejaladi (2024 yilda 423,0 million so‘m) va 63,6 million so‘m qo‘shimcha daromad olinadi. Ya’ni, ishlab chiqarilgan 368,6 ming kVt elektr energiyasining 305 ming kVti nasos stansiyasi ishlashi uchun ishlatiladi, ortiqcha elektr energiyasi esa davlatga sotiladi.
Ahamiyatlisi, suv chiqarish imkoniyati bir sutkada 33,9 ming metr kubdan 38,9 ming metr kubga ko‘payadi. Elektr energiyasining uzluksizligi natijasida suv yetkazib berish 2,1 million metr kubdan 2,9 million metr kubga oshiriladi, sug‘orish mavsumida 371 gektar maydondagi ekinlarning suv ta’minoti yaxshilanishiga erishiladi.
Ma’lumot uchun, keyingi yillarda Payariq tumanidagi “Suvchi”, Bulung‘ur tumanida “Do‘stlik”, Urgut tumanida “Xo‘jayduq-2” va “Ilonli”, Paxtachi tumanidagi “Paxtakor” nasos stansiyalarida ham quyosh panellari o‘rnatish va stansiyalarni yangilash ishlarini olib borish rejalashtirilgan.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.