10 oyda 510 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kredit ajratilgan

Viloyatimizdagi tijorat banklarining 90 mingdan ortiq yuridik shaxs bo‘lgan mijozlariga masofadan turib, bank operatsiyalarini bajarish imkonini beruvchi “internet-banking” hamda “mobil-banking” dasturlari o‘rnatib berilgan. Bu bank va mijoz o‘rtasida korrupsion holatlarning oldini oladi.

Yana Markaziy bank tavsiyalari asosida bank tizimida aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan bank xizmatlarini raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilyapti.

Joriy yilda bosh boshqarmada korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qilingan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ma’ruf G‘aniyevning aytishicha, hozirda viloyatda 23 ta moliya muassasasi bor va ularning 9 tasi davlat banklar hisoblanadi.

- Banklar tomonidan mijozlarga xizmat ko‘rsatishda inson omilini kamaytirish, vaqt sarfi, ovoragarchilik va qog‘ozbozlikni cheklash maqsadida raqamli identifikatsiyalash, avtomatlashtirilgan skoring, kredit konveri, anderrayterlar guruhi kabi tizimlar hamda modulli kredit mahsulotlari joriy qilingan, - deydi M.G‘aniyev. - Qarz oluvchilarning skoringini yanada takomillashtirish maqsadida bank axboroti tizimlari boshqa davlat muassasalari ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyasi ta’minlanmoqda.

Xususan, aholining bandligini ta’minlash hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan kreditlardan foydalanish uchun inson omili qatnashmagan holda www.oilakredit.uz portali orqali kreditlar olish imkoniyati yaratildi.

Yuqorida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida viloyatimizdagi tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarga 510 milliard 500 million so‘m miqdorida imtiyozli bank krediti ajratildi.

Bundan tashqari, yangi o‘quv yilidan (2024-2025 o‘quv yili) boshlab, oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan 2387 nafar talabaga 36 milliard 640 million so‘m miqdorida ajratilgan ta’lim kreditlari ham “ta’lim.kredit.uz” platformasi orqali inson omilisiz ajratilgan.

Ushbu chora-tadbirlardan ko‘zlangan maqsad bank xizmatini ko‘rsatishda inson omilini kamaytirish orqali mijozlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash, korrupsiyaning har qanday omilini cheklash hisoblanadi.

O‘.XUDOYBERDIYeV.