Yosh tadbirkorlar uchun 540 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi
Samarqandda yoshlarning innovatsion, startap va biznes loyihalari tanlab olinib, qonun hujjatlariga muvofiq yosh tadbirkorlarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravaridan 2 000 baravarigacha (bugungi kunda 270 million so‘mdan 540 million so‘mgacha) kreditlar ajratiladi.
Bu haqda Markaziy bank Samarqand viloyat boshqarmasi xabar bermoqda.
Kreditlar Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi (hozirda 14 foiz) miqdorida 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga ajratiladi. Kredit ta’minoti uchun qonunchilikda va bank kredit siyosatida taqiqlanmagan ta’minot turlari, jumladan Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kredit summasining 50 foizigacha miqdoridagi kafilligi lozim.
Mazkur imtiyoz Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 dekabrdagi “Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida berilmoqda. Qaror ijrosi yuzasidan yosh tadbirkorlarga joylarda seminarlar o‘tkazilmoqda.
Boshqarma vakillariga ko‘ra, kreditlar avval olingan kreditlar yoki boshqa har qanday qarzlarni qaytarish, alkogol va tamaki mahsulotlari, shuningdek, chilim va elektron sigaretalarni ishlab chiqarish, savdo-vositachilikni amalga oshirish, umumiy ovqatlanish tashkilotlarining aylanma mablag‘larini shakllantirishga ajratilmaydi.
Ta’mirlash-qurilish ishlariga, shu jumladan savdo ob’yektlari va umumiy ovqatlanish ob’yektlarini tashkil etish, ishlab chiqarish maqsadlaridan tashqari xarajatlar, shu jumladan ma’muriy xarajatlarni to‘lash va xizmat avtotransport vositasini sotib olish, tirajli, bir lahzali va raqamli lotereyalarni tashkil etishga, shuningdek, ushbu maqsadlar uchun uskunalar xarid qilishga ham yo‘naltirilmaydi.