MTM: Bog‘chalar pandemiya sharoitida ishlashga moslashtirilayapti

O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida koronavirus infeksiyasi pandemiyasi sababli to‘xtatilgan faoliyat jarayonini tiklashga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi xabar berdi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi ushbu faoliyatni tiklashdan maqsad, xodimlar va tarbiyalanuvchilar uchun xavfsiz muhitni ta’minlash orqali, bolalarni normal maishiy hayot, o‘yinlar va ta’lim jarayoniga qaytarish maqsadida BMT Bolalar jamg‘armasi UNICEF’ning ko‘magida pandemiya sharoitida MTT larda ish jarayoni qanday tamoyillar asosida tashkil etilishi tasvirlangan videorolik tayyorladi.

Bunda virus tarqalishi va uni yuqtirib olish xavfini bartaraf etish maqsadida joriy etilgan ta’qiq choralarini hisobga olgan holda, qo‘shimcha xavfsizlik choralari ham tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.

Ammo, bolalar o‘rtasidagi oraliq masofa, ularning ijtimoiy faolligi, amaliy mashg‘ulotlari va rivojlantiruvchi o‘yinlariga halaqit bermasligi lozim.

Qolaversa, ota-onalarga berilgan tavsiyalar orasida

- MTT yashil yoki sariq hududda bo‘lishi;

-  Xodimlar koronavirus infeksiyasining tarqalishi oldini olish bo‘yicha o‘qitilgan bo‘lishi;

- Bolalar bog‘chasining binosi va hududi dezinfeksiya qilingan bo‘lishi;

- U yerda uzluksiz suv ta’minoti tizimi yoki yetarli miqdorda suv zaxirasi bo‘lishi;

- Har bir guruhning kelish jadvali bo‘lishi va boshqa sanitar-gigiyenik qoidalarga rioya qilinishi shartligi ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 3 avgustdan boshlab Farg‘ona viloyatida xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berildi.