Viloyatimizda 51.6 foiz bolalar maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinadi

Viloyat matbuot uyida bo‘lib o‘tgan tadbirda so‘nggi bir yarim yil davomida maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar, olib borilayotgan islohotlar, yangiliklar, xususiy bog‘chalar faoliyati, sharoitlar va imtiyozlar borasida so‘z yuritildi.

- Prezidentimizning tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi, - deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Shuhrat Rahmonov.



– Unga ko‘ra, joriy yil yakunigacha davlat MTMlarining bo‘sh turgan xonalarini ta’mirlash, davlat xususiy sheriklik, nodavlat va oilaviy bog‘chalar hamda qisqa muddatli guruhlar tashkil etish orqali 51.6 foiz bolalar maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinadi. Bog‘chalarni ochish bilan birga asosiy e’tibor ta’lim berish jarayoniga ham qaratilmoqdi. Asta-sekin viloyatimizning barcha tumanlarida autsorsing tizimini joriy qilish orqali bog‘cha tarbiyachilarining asosiy e’tiborini sifatli ta’lim-tarbiya berishga qaratmoqchimiz.

Shuningdek, bog‘chalarga navbatga turish reglamenti, tizimdagi korrupsion holatlarni bartaraf etish, kuzatuv kameralarini o‘rnatish, qo‘shimcha pullik xizmatlarni joriy etish, oilaviy bog‘chalarni tashkil etishda yaratilayotgan imkoniyatlar haqida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga soha mutasaddilari javob berishdi.

- Qishloq joylarda odamlarni ishontirish juda qiyin, ammo bugun oilaviy bog‘chalarni ochish uchun tashabbuskor-tadbirkorlarning ko‘payayotgani tizimga nisbatan ishonchning qaytganidan dalolat, - deydi Jomboy tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri o‘rinbosari Jahongir To‘xtayev. – Tumanimizda 41 oilaviy maktabgacha ta’lim muasasasasi faoliyat yuritadi. Ularga ikkita shtat birligi ajratilgan bo‘lib, tarbiyachi 1 200 000, yordamchisi 800 000 so‘m oylik maosh bilan ta’minlangan. Bog‘chaga 6 mln. so‘mlik o‘yinchoqlar ham ajratilgan.

Nasiba Jonto‘rayeva.