Majburiy mehnatning oldini olishda jamoatchilik nazorati zarur

Samarqand viloyati Matbuot uyida joriy yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish masalalariga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.

Anjumanda mazkur masala yuzasidan viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan respublika ishchi guruhi a’zolari ishtirok etib, bugungi kunda yurtimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga chek qo‘yilgani, buning huquqiy asoslari yaratilganini ta’kidladi. Ayniqsa, payxta yig‘im-terimi davrida bunday holatlarning oldini olishga barcha davlat va jamoat tashkilotlari mas’ulligi, kuchli jamoatchilik nazorati zarurligi qayd etildi.

– Biz ikki kundan buyon Nurobod va Narpay tumanlarida bo‘lib, paxta yig‘im-terimining borishi, joylarda tashkil etilgan otryadlar faoliyati bilan tanishdik, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati D.Hamzayev. – Klaster korxonalari rahbarlari, fermerlar va terimchilar bilan suhbatlashdik. Majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligidan hamma xabardor va buning uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rgan. Shuning uchun bunday holatlarni kuzatmadik. Lekin baribir keng aholi qatlami o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib borishimiz lozim. Ayniqsa, voyaga yetmaganlarning mehnatidan foydalanish, mehnatga ma’muriy tarzda majburlash uchun qonunchiligimizda belgilangan javobgarlik choralarini mas’ul shaxslarga ham, aholiga ham yetkazishimiz kerak.

Matbuot anjumanida Oliy Majlis Senati a’zolari F.Boqiyev, F.Toshev, Qonunchilik palatasi deputati F.Samatov va boshqalar terimchilar va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida tuziladigan mehnat shartnomalari mazmuni va mehnatga haq to‘lash, bu jarayonda ijro hokimiyati organlarining majburiyatlari, pandemiya sharoitida terimchilar xavfsizligini ta’minlash kabi masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bayon etishdi.