Pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi

Bugun Prezident pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzoladi.

Unga ko‘ra, pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash uchun ma’muriy va jinoiy javobgarliklar kuchaytirilmoqda. Jumladan, umumiy holatda biror shaxsni majburiy mehnatga jalb etish 30 mln. so‘mgacha (100 baravar) jarimaga sabab bo‘lsa, endilikda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish 45 mln. so‘mgacha (150 baravar) jarima bilan jazolanishi mumkin.

Jinoyat kodeksida ham pedagoglarga qarshi harakat uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi va jazo kuchaytirildi. Ya’ni, pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash uchun, agar xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, 45 mln. so‘mdan 60 mln. so‘mgacha jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.

Shuningdek, ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun ham ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi. Endilikda bu qilmish uchun fuqarolarga 2,1 mln. so‘mdan 4,5 mln. so‘mgacha jarima, mansabdor shaxslarga esa 3 mln. so‘mdan 6 mln. so‘mgacha jarima belgilanmoqda.

E’tiborli jihati, ilgari pedagogning faoliyatiga noqonuniy aralashish uchun faqat jarima jazosi belgilangandi. Endilikda ushbu qilmishni takroran sodir etgan mansabdor shaxslarga 15 sutkagacha ma’muriy qamoq belgilanishi mumkin.