“Majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymang!” — Viloyat prokuraturasi paxta yig‘im-terimi oldidan boshqaruv organlari rahbarlari, klaster hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlariga murojaat qildi

Samarqand viloyat prokuraturasining shahar, tuman hokimlari, viloyatda faoliyat yuritayotgan korxona, tashkilot, muassasalar, klaster hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlariga murojaatida majburiy hamda bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik masalasiga e’tibor qaratilib, bunday holat ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi eslatiladi.

“Xalqaro mehnat tashkilotining “Majburiy mehnat to‘g‘risida”gi 29-son, “Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida”gi 105-son hamda “Bolalar mehnatining eng yomon shakllari to‘g‘risida”gi 182-sonli Konvensiyalari O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikasiya qilingan va bu borada Hukumat va vazirligimiz tomonidan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Bugungi kunda paxta hosilini uyushqoqlik bilan nes-nobud qilmasdan o‘z vaqtida sifatli yig‘ib-terib olishda, majburiy mehnatni oldini olish, ayniqsa, paxta mavsumida paxta yig‘im terimi ishlariga aloqasi bo‘lmagan korxona, tashkilot va muassasalar xodimlarini majburiy ravishda terimga jalb etilishi hamda bolalar mehnatini oldini olish va yo‘l qo‘ymaslik maqsadida mustaqil kuzatuvchilar, paxta mavsumini monitoring qilish uchun Xalqaro mehnat tashkiloti, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ishchi guruhlari, Kasaba uyushmalari Federasiyasining milliy monitoringi, huquq himoyachilari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, OAV xodimlari va blogerlar tomonidan nazorat olib borilmoqda.

Viloyatimizda paxta to‘qimachilikka ixtisoslashtirilgan klasterlari va fermer ho‘jaliklari tomonidan paxta terimi boshlanganligini inobatga olib, majburiy mehnat hamda bolalar mehnatini oldini olishingizni, agarda, siz rahbarlik qilayotgan tuman (shahar)dagi korxona va tashkilotlarda yuqoridagi qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 51-moddasiga asosan ma’muriy jarima solish;

Xuddi shunday huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishini;

Shu bilan birga, hurmatli fermer xo‘jaligi rahbarlari Sizga qarashli bo‘lgan fermer xo‘jaligining dala maydonida voyaga yetmagan shaxs mehnatidan fodalanilganlik hamda majburiy ravishda terimga jalb etilish holatlari aniqlanganda ham yuqorida qayd etilgan javobgarlik belgilanganligini eslatib o‘tamiz”, Samarqand viloyat prokuraturasi murojaatida.