Paxta mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaydi
Viloyat Matbuot uyida “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari J.Karimov bilan Respublika va viloyat OAV vakillari va blogerlar ishtirokida joriy yil paxta mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda 2021 yil paxta hosilini uyushqoqlik bilan nes-nobud qilmasdan, o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olish bo‘yicha vazifalar xususida ma’lumot berib o‘tildi.
Joriy yilda viloyatdagi 2 ming 90 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 75 ming gektardan ziyod yerdan 243 ming tonnadan ortiq paxta yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan. Hozirda 9 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari fermerlar tomonidan 31 dona zamonaviy paxta terish mashinalari, 1 ming 735 ta transport texnikalari va 2 ming 634 dona tirkamalar tayyorlab qo‘yilgan. Shuningdek, “Afrosiyob djins” MChJ paxta to‘qimachilik klasterida 2 ta, “Paxtachi klaster”ida 3 ta, “Kattaqo‘rg‘on klaster” MChJda 2 ta, “Amina gold invest” MChJda 3 ta, “Payariq klaster” MChJda 4 ta, jami klaster korxonalariga qarashli 27 ta paxta qabul qilish maskanlari paxtani qabul qilishga tayyor. Ularda 90 dona o‘t o‘chirish vositalari, 154 komplekt kichik mexanizatsiya vositalari, 24 dona yopiq omborlar, 412 dona g‘aram maydonchalari, 316 dona elektroshkaf (ShOM), 525 dona hududni yoritish moslamalari ta’mirlanib, shay holatga keltirildi.
O‘tgan paxta mavsumida birinchi terimda qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta uchun 1000 so‘mdan, ikkinchi terimda esa 1200 so‘mdan berilgan bo‘lsa, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 avgustdagi yig‘ilish bayoniga asosan birinchi terimda 1200 so‘mdan, ikkinchi terimda esa 1500 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lanadi. Paxta-to‘qimachilik klasterlari, fermer xo‘jaliklar hosilni qisqa fursatda yig‘ishtirib olish maqsadida belgilangan narxlardan kam bo‘lmagan holda mustaqil narx belgilashlari tavsiya etiladi. Terim otryadlari rahbarlariga mavsum yakuniga qadar 2 million so‘mdan mehnat haqi beriladi.
- Hozirda viloyat bo‘yicha 130 mingdan ziyod terimchilarni jamlagan 1834 ta terim otryadlari tashkil etilgan, - deydi boshqarma bo‘lim boshlig‘i Bahodir Rahmonov. – Shuningdek, klasterlar tomonidan 229 ming dona terish etagi, 2506 dona paxta yopqich, 13520 maxsus qanor qoplar zaxira qilib qo‘yilgan.
Terimga 18 yoshga to‘lmagan fuqarolar, talabalar, byudjet yoki xo‘jalik hisobidagi tashkilot xodimlari va harbiylar jalb qilinmaydi. Terimda ishtirok etishga majburlash qat’iyan man etiladi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.