Metrologiya xizmatlarini ko‘rsatish tartibi qanday?
Import bo‘yicha to‘p qilib olib kiriladigan o‘lchash vositalarining turini tasdiqlash sertifikati ushbu turdagi o‘lchash vositalari to‘pining identifikatsiya belgilari ko‘rsatilgan aniq to‘piga beriladi. Oldin reyestrga kiritilgan o‘lchash vositasining yangi to‘pi olib kirilganda, o‘lchash vositalarining ushbu to‘piga o‘lchash vositalarining oldin reyestrga kiritilish raqami beriladi.
Bu fikrlar viloyat matbuot uyida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 29 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida metrologiya xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bildirildi.
Qayd etilishicha, hozirgacha metrologiya sohasida muhim bo‘lgan etalonlar bazasi bizda deyarli bo‘lmagan. Respublikamizda metrologiya instituti tashkil topganiga 3 yil bo‘ldi. Bu boradagi ilmiy-nazariy, ilmiy-tadqiqot va davlat loyihalari atigi 2 foizni tashkil etgan. Vaholanki, bu ko‘rsatkich Turkiyada 80 foiz, Germaniyada 66 foiz, qo‘shni Qozog‘istonda esa 15 foizga yetgan. Qolaversa, respublikamizda o‘lchash vositalarining yagona birlikda bo‘lishini ta’minlash uchun ham mazkur qaror qabul qilingan.
- Dastlab 1993 yilda metrologiya to‘g‘risida qonun qabul qilingandi va 2020 yil 7 aprelda mazkur qonun tubdan takomillashtirilib, jahon standartlariga mos tarzda ishlab chiqildi va yangi tahrirda qabul qilindi, - deydi “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasi viloyat filiali bo‘lim boshlig‘i Anvar Nabiyev. – Metrologiyada aniq o‘lchovlar bo‘lmasa, barcha sohada muammolar yuzaga keladi. Shuning uchun ham o‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish qoidalari ishlab chiqildi. Shuningdek, yuqoridagi qaror bilan metrologik xizmatlari ko‘rsatilishining aniq mexanizmlari yaratildi. Bu barcha uchun bir xillikni hamda metrologik xizmatlarning shaffofligini ta’minlaydi.