Paxtachida MTM xodimlariga qonunga xilof ravishda oylik ish haqlari to‘lanmagan

Avvalroq Narpay tumanidagi bog‘chalardan birida ham shunday holat qayd etilgandi. Ya’ni, maktabgacha ta’lim maskani xodimlariga 177 million so‘mdan ko‘proq ish haqlari to‘lab berilmagandi.

Narpaydagi hamkasblari singari Paxtachidagi MTM xodimlarining ishiga ham adliya idoralari aralashdi. Shundan so‘ng 8 nafar xodim 9 oylik ish haqlarini oladigan bo‘ldi.
To‘lanmagan oylik ish haqi summasi 41 million so‘mdan ko‘proq bo‘lgan.

Shu bois, Paxtachi tumani MTBga qarashli 26-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining bir guruh xodimlari tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi.
Adliya bo‘limi tomonidan ushbu murojaat o‘rganilib, haqiqatan ham 26-son DMTT xodimlariga 2018 yilning dekabr oyidan 2019 yilning avgust oyiga qadar bo‘lgan davrda ish haqlari to‘lab berilmaganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlari manfaatlarini ko‘zlab Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudiga ariza kiritildi. Ariza qanoatlantirilib, sudning joriy yil 16 iyuldagi buyruqlari bilan maktabgacha ta’lim tashkilotining zimmasiga xodimlarning to‘lanmagan 41 million 722 ming 641 so‘m ish haqlarini to‘lash vazifasi yuklatildi.

Zafar Safarov,
Paxtachi tumani adliya bo‘limi boshlig‘i.