30 ga yaqin mamlakat triatlonchilari Samarqandda bellashadi
Samarqandda 7-8 sentyabr kunlari triatlon bo‘yicha "Challenge Samarkand" xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Ushbu musobaqa “Challenge Family” jahon seriyasi tadbirlarining bir qismi bo‘lib, ikki yildan beri Samarqandda muhim sport tadbiriga aylandi.
O‘zbekiston triatlon federatsiyasi, Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, viloyat hokimligi hamda boshqa hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etilayotgan mazkur nufuzli sport tadbiri oldidan musobaqa tashkiliy qo‘mitasi a’zolari va triatlon yulduzlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kun, federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari Farrux Nosirov va “Challenge Family” musobaqalari bosh direktori Jort Vlam hamda jahon toifasidagi professional triatlonchilar - norvegiyalik Kristian Blummenfelt, Gustav Eden, germaniyalik Riko Bogen, daniyalik Laura Madsen, o‘zbekistonlik Alina Hakimova va boshqa taniqli sportchilar ishtirok etib, musobaqa haqida fikrlarini bildirdi.
Musobaqada 25 dan ortiq mamlakatdan 2 mingdan ortiq triatlonchilar ishtirok etadi.
Musobaqaning asosiy bahslari “Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida o‘tkaziladi va ishtirokchilar elita estafetasida 1,9 kilometr suzish, 90 kilometr velosiped poygasi, 21,5 kilometr yugurish bellashuvlarida mahoratini ko‘rsatadi.
Sprint yo‘nalishida esa 750 metrga suzish, 20 kilometr velepoyga va 5 kilometrga yugurish bahslari o‘tkaziladi.
Shuningdek, havaskorlar o‘rtasida ayollar poygasi 5 kilometr bo‘lib, unda 18 yoshdan oshganlar qatnashishi mumkin. Bolalar poygasida esa eng yosh sportchilar uchun masofalar 200 metrdan 1000 metrgacha. Bunda 4 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar omadini sinab ko‘radi.