5 ming qadam, g‘ayratli keksalar, uch avlod uchrashuvi...

Samarqand tumanining Nurafshon, Saxovat, Arabxona va Xishrav mahallalarida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi.

Dastlab ushbu mahallalarda yashovchi aholi “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” marafonida ishtirok etdi. So‘ngra turli sport musobaqalariga start berildi. Futbol, voleybol, basketbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi bahslar va ko‘rgazmali sport chiqishlari ishtirokchilarni bir joyga jamladi.

“G‘ayratli keksalar” shiori ostidagi kurash bellashuvi esa yanada ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Unda 70-80 yoshli keksalar o‘zlarini kurash gilamida sinab ko‘rishdi.  

Mahallalarda tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi” ham o‘zining odamlarni ibratli va xayrli ishlarga chorlovchi tadbir sifatida o‘tgani bilan esda qoldi. Uchrashuvda nuroniy otaxon va onaxonlar, o‘rta yosh vakillari hamda yoshlar bir davra atrofida yig‘ilib, hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi, samimiy suhbatlashdi.

 - Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga bag‘ishlangan ushbu tadbirlar doirasida Nurafshon, Saxovat, Arabxona, Xishrav, Urganji, Do‘stlik hamda O‘rta Turkman mahallalari fuqarolari uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik ham o‘tkazildi, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari G‘ayrat Boboxolov. – Unda malakali shifokorlar aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatdi. Umuman, hokimlik tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir va musobaqalarda aholi faol ishtirok etdi. Ular o‘zlarining g‘ayrat-shijoati, sportdagi mahorati va bardamligini ko‘rsatishdi. Bellashuvlar davomida ishtirokchilar nafaqat kuch va mahoratda, balki do‘stlik va ahillikda ham o‘zaro bahslashdi.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan sportchilarga faxriy yorliqlar, esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar topshirildi. Taqdirlash marosimida keksa ishtirokchilarning yoshlar uchun ibratli hayot yo‘li, sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan sadoqati va sportga qiziqishi alohida e’tirof etildi.

Tadbirlar Arabxona mahallasidagi sport maydonida san’atkorlar ijrosidagi gala-konsert bilan yakunlandi.