Samarqand tumanida sportga e’tibor berilyaptimi?

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, ayniqsa, mahalla yoshlarining ommaviy sportga qamrovini oshirish bugungi kunda muhim. Xo‘sh, Samarqand tumanida bu borada qanday ishlar qilinyapti, ayni yozgi ta’tilda yoshlar sport musobaqalari va to‘garaklariga jalb qilinganmi?

Tuman aholisining 30 foizi sport bilan shug‘ullanyapti

Tumanda yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” (mahalla va ko‘cha fitnesi) kabi sportning ustuvor turlarini ommalashtirish maqsadida 38 kilometr salomatlik, 38 kilometr veloyo‘lak, 19 ta “Workout”, 15 ta stritbol maydonchasi foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, aholining jismoniy faolligini oshirish, ularni sportga keng jalb qilish maqsadida 74 ta mahallada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Jumladan, keyingi paytda mahalla va tashkilotlarda har kuni ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlarini tashkil etish odatga aylantirilgan va haftaning har payshanbasi sport va salomatlik kuni sifatida belgilanib, aholi o‘rtasida ommaviy yurish, yugurish, velosiped poygasi va boshqa sport musobaqalari o‘tkazilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan ellikka yaqin sport tadbirlarida 6500 nafardan ziyod aholining ishtiroki ta’minlangan. Umuman, tumanda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida aholining 30 foizi ommaviy sportga jalb qilingan.

“Dolzarb 90 kun” loyihasiga qancha o‘qituvchi, murabbiy jalb qilingan?

Joriy yilning 15 may kuni Prezidentimiz raisligida maktab ta’limi tizimidagi islohotlarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida 1 iyundan 30 avgustgacha maktab o‘quvchilari va uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sog‘lomlashtirish va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi e’lon qilingan. Tuman hokimining o‘rinbosari G‘ayrat Boboxolov mazkur loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hokimligi, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, mahalla uyushmasi, tuman yoshlar ishlari bo‘limlari hamkorligida uch oyga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi, - deydi G‘.Boboxolov. - Ushbu dasturga asosan tumandagi 54 ta umumta’lim maktabida tahsil olayotgan 40 mingdan ortiq o‘quvchi ommaviy tadbirlarga qamrab olinishi rejalashtirilgan va ayni paytda tadbirlar yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Buning uchun mahallalardagi yoshlar yetakchilari hamda ming nafardan ortiq o‘qituvchi va murabbiylar jalb qilingan. “Dolzarb 90 kun” tadbirlari davomida 156 ta tanlov, 100 dan ziyod musobaqa va 110 turdagi ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Sport maktabida zal yo‘q, uni qurish uchun loyiha bor. Ammo...

Tumanda ikkita sport maktabi bo‘lib, 127 nafar trener-o‘qituvchi qo‘l ostida 4750 nafardan ziyod o‘g‘il-qiz shug‘ullanadi. Sportchilarning 60 nafari O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy, 30 nafari zaxira tarkibiga kiritilgan. Ular tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida mamlakat, Osiyo, jahon kubogi va chempionatlarida 60 ta medal qo‘lga kiritilgan. Muassasalarning holatiga kelsak, 1-son sport maktabida sharoit yaxshi. Futbol maydoni, sport zal, ring, zamonaviy sport jihozlari, kiyinish va yuvinish xonalari sportchilar ixtiyorida. Biroq ikki ming nafardan ziyod sportchi shug‘ullanayotgan 2-son sport maktabida sport zal yo‘q. Inshootda futbol va basketbol bo‘yicha faqat ochiq havoda mashg‘ulot o‘tkazish mumkin.

Muassasamiz kichikligi va sport zal yo‘qligi uchun mashg‘ulotlar umumta’lim maktablarda olib borilyapti, - deydi sport maktabi direktori Hamidillo Nurmanov. – Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida joriy yil tuman hokimligi tomonidan Sport vazirligiga 24x48 o‘lchamli sendvich paneldan yengil konstruksiyali sport zal qurish bo‘yicha murojaat qilindi. Ma’lum qilinishicha, muassasamizga sendvich panelli sport zal qurish 2026 yilgi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining dastlabki ro‘yxatiga kiritilgan va kelgusi yil foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Sport maydonchalariga nega mas’ul biriktirilmagan?

Viloyatda sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida Sport vazirligi tomonidan va “Besh tashabbus olimpiadasi” ommaviy sport musobaqalarida g‘olib bo‘lgan yoshlar mahallasiga 115 ta sport maydonchasi qurib berilgan. Ularning oltitasi Samarqand tumanining Gazchilar, Qumzor, Yuqori Turkman, Zaxlik, So‘lfakabo‘tak va Mironqul mahallalarida joylashgan. Ushbu sog‘lomlashtirish maskanlarining holati bilan tanishib, yoshlarning bo‘sh vaqti mazmunli o‘tayotganiga amin bo‘ldik, biroq dilni xira quluvchi holatlarga ham duch keldik.

Jumladan, tumanning Zaxlik mahallasi markazida barpo etilgan sport maydonchasida yoshlarning futbol, voleybol, basketbol sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Biroq mahalla faollari tomonidan sport maydonchasiga mas’ul biriktirilmagani bois qarovsiz qoldirilgan. Natijada inshoot va uning atrofiga chiqindilar tashlangan. Buning ustiga hududdagi  o‘ralmagan futbol maydoni atrofida chorva mollarining boqilayotganiga guvoh bo‘ldik.

Fazlidin RO‘ZIBOYeV.