Abituriyentlar uchun test sinovlari boshlandi: Samarqandda ikki nafar abituriyent o‘ringa o‘rin kirishga urindi
Bugun, 8 avgustdan respublikamizda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar uchun test sinovlari boshlandi.
Samarqand viloyatida beshta ochiq maydonda jami 5460 o‘ringa mo‘ljallangan joylar tayyorlandi. Test sinovlari ikki navbatda olinishini hisobga olsak, bir kunda 10920 nafar abituriyent imtihon topshiradi.
Birinchi navbat imtihonlari soat 07:00 dan 10:00 gacha, ikkinchi navbat 19:00 dan 22:00 ga qadar davom etadi. Abituriyentlar imtihon hududiga test sinovi boshlanishidan 1 soat oldin pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishlari lozim.
Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limining Zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, viloyatda 108 978 nafar abituriyent oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan. Bugun imtihonning ilk kuni birinchi navbatda 5460 nafar abituriyent test sinovlarida qatnashishi kerak edi. Ammo 503 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra imtihonga kelmagan.
Shuningdek, ikki nafar abituriyent o‘ringa o‘rin kirishga uringani, bir nafari imtihonda taqiqlangan vositadan foydalangani sababli test sinovlaridan chetlatilgan.
Samarqandda oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari 10 kun, ya’ni 17 avgustga qadar davom etadi.