Alimentdan 55 million so‘m qarzi bo‘lgan qidiruvdagi shaxs ushlanib, qamoqqa olindi

Gap Majburiy ijro byurosining Oqdaryo tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudining qaroriga asosan olib borilayotgan ijro harakati haqida bormoqda.
Qarorga ko‘ra, MIBga qarzdor U.B.dan undiruvchi I.S. foydasiga bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan. Ma’lum bo‘lishicha, qarzdor ota anchadan buyon alimentdan qarzini to‘lamagan, oqibatda qarzi 55 mln. so‘mdan oshib ketgan. Buning ustiga u noma’lum hududda yashirinib kelgan. Shu bois, boshqarmaning qidiruv bo‘limi tomonidan unga nisbatan qidiruv harakatlarini olib borgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, boshqarmaning qidiruv shu’basi viloyat IIB jamoat tartibini saqlash boshqarmasi patrul-post xizmati xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazib, qidiruvdagi shaxsni ushlagan va keyingi ijro harakatlarini amalga oshirish uchun davlat ijrochisiga topshirgan.
Ushbu qidiruvdagi shaxs o‘z farzandlari ta’minotidan qochganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 47-(4)-moddasi bilan unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.