Amerikada yashaydigan o‘zbekistonlik millioner
Toshkentlik bolakay hayotini olmoslar bilan to‘ldirib, soat va zargarlik biznesida katta o‘zgarishlar qila oldi.
Kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Yakov Arabov o‘zining jozibali va hashamatli buyumlari orqali Amerika zargarlik brendlari yangi to‘lqinidagi zargarlarning birinchisi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. U Gollivud yulduzlarini o‘zining doimiy mijozlariga aylantirib, ularning qo‘llab-quvvatlashiga erisha oldi.
Yakob Arabov 1979 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, 14 yoshida Arabovlar oilasi AQShga ko‘chib ketadi. Yakob Nyu-Yorkdagi maktabga bordi, lekin 16 yoshida maktabni tashlab, zargarlik buyumlari dizaynerligi kursiga o‘qishga kiradi. Uning birinchi yasagan ishi – misdan yasalgan quti eng yaxshi dizayn tanlovida sovrinni qo‘lga kiritdi.
Kursni rekord vaqt ichida tugatgan yigit tezda universal do‘konlar uchun ommaviy zargarlik buyumlari ishlab chiqaradigan mahalliy yahudiylar zargarlik fabrikasiga ishga joylashadi.
O‘shanda u haftasiga 125 dollar maosh olish uchun 18 yoshda ekanligini aytib, yolg‘on gapirgan. To‘qqiz oydan keyin Yakob haftasiga 1500 dollar ishlab olardi, lekin o‘z biznesini boshlash uchun bu yerdan ketdi.
8000 dollar evaziga u Manxettenda kichik zargarlik fabrikasini sotib oldi (voyaga yetmagan yigit o‘rniga hujjatlar qarindoshi tomonidan imzolangan). Yigit yana uch yil boshqa kompaniyalar foydasiga ishladi, ularning buyurtmasiga binoan zargarlik buyumlari dizaynini ishlab chiqib, ularni yasab berdi. 1986 yilda u “Diamond Quasar” va “Jacob & Co” brendini ro‘yxatdan o‘tkazdi va o‘z do‘konini ochdi. Yakob Arabov aynan o‘sha payt ism-sharifini o‘zgartirib, Jeykob Araboga aylanadi.
Kunlarning birida Jeykobning do‘koniga qo‘shiqchi Feyt Evans kirib kelib, uning hayotidagi “oltin baliqcha”siga aylandi.
1993 yilda u birinchi marta “Jacob & Co” butikiga kirdi. 5 million dollarlik brilliant uzuk uni shunchalik hayratda qoldirdiki, Evans darhol uni sotib olishga qaror qildi.
- Men allaqachon o‘z narsalarimni sportchilarga sotardim, mijozlarim orasida bir necha NBA yulduzlari bor edi, lekin musiqachilar bilan unchalik aloqa qilmagandim, - eslaydi Arabo. - Feyt Evans ikkinchi marta reper Biggi Smoll bilan birga keldi, u esa ortidan butun otryadni boshlab keldi.
Musiqachilar shunday odam: agar ularga yoqib qolsangiz, darhol siz haqingizda barcha do‘stlariga gapira boshlaydi, siz haqingizda qo‘shiqlar kuylay boshlaydi... Hozirgi kunda men 50 ta qo‘shiqning qahramoniga aylanganman”, - kuladi Jeykob.
Bir necha yil oldin zargar Arabo soatlar bozori qanchalik tez o‘sib borayotganini payqadi. Mamlakatda tez orada brend ostidagi zargarlik buyumlari kabi yorqin va provokatsion soatlar paydo bo‘ldi.
- Mijozlarim mendan o‘zgacha narsa yasashni so‘rashardi, men har qanday zargarlik buyumlarini yasashga qodir edim, lekin agar shunday qilganimda, dunyo bu ajoyib soatlarni ko‘rmay qolardi.
Shunda men hech narsaga o‘xshamaydigan soatlarni yasashga qaror qildim, soatlar g‘oya va dizaynini o‘ylab topdim: ular nafaqat vaqtni bilish uchun, balki ajoyib bezalgan ham bo‘lishi kerak edi. Endilikda mexanizmlarni ham o‘zimiz ishlab chiqaryapmiz – Shveysariyada soat ishlab chiqaruvchi zavod sotib oldik.
“Zargar Jeykob" ataylab me’yoridan oshiq va ortiqcha hashamat uslubida ishlaydi. Qo‘lda soat bormi, demak u ko‘zga tashlanib turishi kerak, - hisoblaydi u va aniqlikni oshiradigan vertikal turbiyonli, 31 kunlik quvvat zaxirasiga ega, qalinligi 21,5 millimetr, og‘irligi esa 380 gramm bo‘lgan “Quenttin” soatini taqdim etdi. - Modomiki, soat olmos bilan bezalishi kerak ekan, uning butun korpusi ular bilan qoplangan bo‘lishi lozim.
Ko‘pgina nom chiqargan zargarlar “Jacob & Co” asoschisini juda tez martabaga erishgan mahmadona deb atashadi, chunki ushbu brend atigi o‘n besh yil ichida mijozlar tomonidan kuchli e’tirofga sazovor bo‘ldi va zargarlik buyumlari elitasining cho‘qqisiga chiqdi.
Hozir ham odamlar “Jacob & Co” haqida gapirishadi, ayniqsa brend asoschisining umume’tirof etilgan qonunlarga amal qilmoqchi emasligi haqida g‘iybat qilishadi. U esa o‘ziga xos mutlaqo hayratlanarli, ko‘zni qamashtiruvchi, go‘zal, quvnoq, Gollivud uslubidagi yorqin, jonli, ajoyib bezaklar yaratib, ijod qiladi.
Jeykob Arabo va boshqa dizaynerlar o‘rtasidaga yana bir farq shundaki, u yarim qimmatbaho toshlarni mutlaqo tan olmaydi, uning fikricha, tosh tirik, yarqiroq bo‘lishi va egasi bilan muloqot qilishi kerak.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.