Andrey Shipilov “Dinamo”dan iste’foga chiqishini ma’lum qildi
Superliga 11-turining qoldirilgan uchrashuvi doirasida “Dinamo” Samarqandda “Nasaf”ga yirik (0:4) hisobda mag‘lub bo‘lgach, mezbonlar bosh murabbiyi Andrey Shipilov matbuot anjumanida iste’foga chiqishini e’lon qildi.
Bu haqda klub axborot xizmati xabar berdi.
Shipilov matbuot anjumanida quyidagilarni aytib o‘tgan: “Bugungi o‘yin haqida nima ham derdim... Biz birinchi golni o‘tkazib yuborguncha taktik o‘yin namoyish etdik. Jamoa xarakter ko‘rsata olmadi. Futbolda jamoa o‘z irodasini namoyish eta olmasa, bu bosh murabbiyning aybi. “Dinamo” qo‘l ostimda 5 ta o‘yinda maydonga tushib, birorta ham g‘alaba qozonmagan ekan, men iste’foga chiqaman. Yaxshisi, yangi murabbiy kelsin, jamoani biroz ruhlantirsin. Ayni damda jamoaga o‘zgarishlar kerak. Rahbariyatdan va samarqandlik muxlislardan uzr so‘rayman. Qo‘limdan kelganini qildim. Ammo bu vazifani uddalashim uchun yetarli bo‘lmadi”.
“Dinamo” Superliganing 14-turidan keyin so‘nggi 14-o‘rinni egallab turibdi.