Angela Merkel BMTni isloh qilishga chaqirdi

Germaniya kansleri Angela Merkel kelgusida rivojlantirish uchun BMTni isloh qilishga chaqirdi. U bu haqda tashkilotga asos solinganining 75 yilligiga bag‘ishlangan BMT Bosh Assambleyasining (BA) tantanali yig‘ilishida so‘zladi.

Merkel Germaniya Federativ Respublikasi mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga va bu jarayonda ishtirok etishga tayyor ekanini alohida ta’kidladi.

“Milliy chegaralar borligiga qaramasdan, global muammolar hamjihatlik va hamkorlikni talab etadi”, dedi u koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni nazarda tutib.

Shu bilan birga Germaniya kanslerining ta’kidlashicha, muhim qarorlar qabul qilish zarur bo‘lgan ko‘p hollarda BMT Xavfsizlik Kengashi “to‘sib qo‘yiladi”.

“XXI asrning global muammolariga javob qaytarish imkoniga ega bo‘lish uchun BMT yanada rivojlanishi kerak”, deb so‘ziga yakun yasadi Angela Merkel.