Germaniyada Abdulla Qodiriy va Muhammad Yusuf ijodiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi
Mamlakatimiz diplomatik vakolatxonasi tashabbusi va Humboldt universiteti Osiyo va Afrikashunoslik instituti Markaziy Osiyo bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilgan adabiy-badiiy kechada universitet professor-o‘qituvchilari, o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalar va yurtimizdan tashrif buyurgan delegatsiya a’zolari ishtirok etdi.
Kechada so‘zga chiqqanlar atoqli adiblarimiz hayoti va ijodi haqida ma’ruza qildilar. Ishtirokchilar va mehmonlarni qutlar ekan Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari professori Maniya Shtefan-Emrix o‘zbek adabiyoti tarixi va taraqqiyotida o‘chmas iz qoldirgan Qodiriy XIX asrdagi Turkiston tarixini o‘z asarlari orqali ishonchli yoritgani, o‘zbek xalqi hayotining asl obrazlarini jonli hayotdan olganini ta’kidladi.
Shuningdek, so‘z olganlar mamlakatimiz ta’lim tizimidagi islohotlar, xususan, xususiy ta’limning o‘rni haqida ma’ruza qildilar. O‘zbekistonlik nemis tili o‘qituvchilari yig‘ilganlarga Abdulla Qodiriy va Muhammad Yusuf hayotiga oid qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etishdi.
Bundan tashqari, havaskor san’atkorlar ijrosida "Yor-yor" qo‘shig‘ining sahnalashtirilgan namoyishi va "O‘tkan kunlar" asaridan Otabek va Kumush obrazlari o‘rtasidagi dialog, adibning fojiali hayoti aks etgan sahna ko‘rini ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir davomida atoqli shoir Muhammad Yusuf ijodiga bag‘ishlangan ma’ruza va ijodiy chiqishlar ham o‘ziga xos qiziqarli bo‘ldi. Adabiy-badiiy kechada ishtirok etayotgan adabiyotga oshno qalblar shoir ijodi haqida so‘z yuritishi barobarida uning "Lolaqizg‘aldoq" she’ridan parcha o‘qib berishdi. Shuningdek, shoirning "Ulug‘imsan vatanim" qo‘shig‘i nemis mutaxassislari tomonidan alohida e’tirof etildi.
San’atkorlarimiz tomonidan ijro etilgan an’anaviy raqslar kechaga madaniy rang-baranglik baxsh etdi. Tashkilotchilar tomonidan tayyorlangan mamlakatimiz turizmi va madaniyatini targ‘ib etuvchi turli milliy matolar, kashtachilik namunalari va hunarmandchilik buyumlari bilan bezatilgan milliy stend burchagi ham mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Madaniy-ma’rifiy tadbir doirasida Germaniyada xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zDJTU va Namangan chet tillari instituti rektorlarining Humboldt universiteti rahbariyati bilan uchrashuvi tashkil etildi. Unda oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida talabalar almashinuvi, magistratura bosqichlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ilmiy tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ushbu adabiy kecha o‘zbek tilini o‘rganayotgan va unga qiziqayotgan nemis tomoniga o‘zbek adabiyoti va madaniyati bilan yaqindan tanishish imkonini taqdim etishi qatorida xalqimiz qadriyatlari va yurtimiz turizm salohiyatini yanada tanitishga, O‘zbekiston-Germaniya o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shdi.
Berlin Humboldt universiteti, Osiyo va Afrikashunoslik instituti ilmiy xodimi Ganchimeg Altangerel:
- Bu tadbirga ishtirok etganimdan juda xursandman. O‘zimni O‘zbekistonda bo‘lgandek his qildim. Mo‘g‘ulistondan kelganman. Humboldt universitetida "Mo‘g‘ulistonda o‘troqlashuv" mavzusi ustida tadqiqot ishi olib borayapman va mavzuni Markaziy Osiyo davlatlari bilan qiyosiy o‘rganmoqdaman. Shu sababli ham O‘zbekiston tarixi haqida ko‘p o‘qiganman va mamlakatingiz haqida ko‘p bilaman.
Ilmiy ishim doirasida O‘zbekistonga borishni rejalashtirgan edim, bu tadbirdan keyin bu tashrifimni tezroq amalga oshirish istagi kuchaydi. O‘zbek tili adabiy kechasida atoqli o‘zbek adiblari, o‘zbek adabiyoti va san’ati haqida yangi bilimlarni oldim, talabalar qatorida biz ham musiqa va raqs san’atidan bahramand bo‘ldik. Buning uchun tashkilotchilarga o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Berlin Humboldt universiteti talabasi Reza Nasir:
- Abdulla Qodiriyning "O‘tgan kunlar" romanini o‘qiganman, ammo yozuvchining hayoti haqida kam ma’lumotga ega edim. 1938 yilda qatag‘on davri qurboni bo‘lganini bilaman, biroq siyosiy-adabiy qarashlari haqida bilmas edim. O‘zbekistonning, Markaziy Osiyoning tarixiga juda qiziqqanim tufayli Qodiriyning asarlari to‘g‘risidagi ma’ruzalar menga juda yoqdi. Shuningdek, shoir Muhammad Yusuf, uning ijodi haqida ham ko‘p ma’lumotlar oldim. Uning sermazmun she’rlari menda katta taassurot qoldirdi. So‘nggi paytlarda GFRda o‘zbek adabiy kechalarining tez-tez tashkil etilishi juda quvonarli holdir. Abdulla Qodiriy ijodini Germaniyada o‘rganilishi va yubiley tavalludining nishonlanishi yozuvchini Germaniyada yanada tanilishiga xizmat qiladi.