Germaniya fuqaroligini olish osonlashadi
Germaniyada yashovchi xorijliklar kelajakda bu davlat fuqaroligini osonroq va tezroq olishlari mumkin bo‘ladi.
DW nashriga ko‘ra, kecha, 23 avgust kuni federal hukumat Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer taqdim etgan qonun loyihasini ma’qullagan bo‘lib, u nafaqat nomzodlarga qo‘yiladigan talablarni kamaytiradi, balki bir nechta fuqarolikka ham ruxsat beradi. Biroq, iqtisodiy va demokratik integratsiya shartlari fuqarolikka qabul qilish uchun hamon amal qiladi.
Bundestag hali ma’qullamagan yangi qonunga ko‘ra, Germaniya pasportini Germaniyada 5 yil yashagandan so‘ng (hozirgi 8 yil o‘rniga) va “maxsus integratsiya yutuqlari” holatida hatto uch (hozirgi 6) yildan keyin olish mumkin bo‘ladi. Bunday yutuqlarga nemis tilini yaxshi bilish, ko‘ngillilar faoliyatida faol ishtirok etish yoki yuqori kasbiy fazilatlar kiradi.
Bundan tashqari, fuqarolikka da’vogarlar o‘z davlati pasportidan voz kechishi shart bo‘lmaydi. Ilgari boshqa fuqarolikni saqlab qolish faqat istisno hollarda ruxsat berilgan va ko‘pincha qizg‘in ichki siyosiy tortishuvlar mavzusiga aylangan.
Islohotlar orqali federal hukumat, boshqa narsalar qatori, Germaniyani malakali ishchilar uchun yanada jozibador qilishni maqsad qilgan.