Armaniston muxolifati Pashinyanni iste’foga chiqarishga chaqirdi

“Rivojlanayotgan Armaniston” muxolifat partiya a’zosi Naira Zograbyan, Armaniston Milliy kengashi deputatlarini mamlakatdagi harbiy holatni bekor qilishga va Bosh vazir Nikol Pashinyanni iste’foga chiqarishga chaqirdi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi.

“Bugun ushbu anjumanlar zalida faqat bitta masala muhokama qilinishi kerak – mamlakatdagi harbiy holatni bekor qilish va Nikol Pashinyan iste’fosi. Boshqa masalalarni muhokama qilishga ma’naviy haqqimiz yo‘q”, - ta’kidladi Zograbyan, parlamentda qilgan chiqishida.

Armaniston poytaxti Yerevan shahrida bir necha kundan buyon muxolifat namoyishlari o‘tkazilmoqda. Uning ishtirokchilari Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga imzo qo‘ygani uchun, Pashinyan iste’fosini talab qilmoqdalar. Armaniston maxsus tergov xizmati “qonunda belgilangan tartibni buzgan holda tadbir uyushtirish va o‘tkazish” moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘adi.

10 noyabr kuni Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida qo‘shma bitim imzoladilar.

Kelishuvga binoan, Ozarbayjon va Armaniston bitim qabul qilingan kunga qadar egallab turgan pozitsiyalarida qoldilar, shu bilan birga asirlar almashuvi amalga oshirildi. Bundan tashqari, Qorabog‘ga Rossiya tinchlikparvar harbiylari joylashtirildi. Pashinyan o‘zining Facebook sahifasida ushbu kelishuv uning uchun juda og‘ir bo‘lganini ma’lum qildi. O‘z navbatida Ozarbayjon prezidenti Ilxom Aliyev imzolangan kelishuvni Armanistonning taslim bo‘lishi deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv Boku manfaatlari uchun o‘ta foydali bo‘lgan.