Ozarbayjon va Armaniston chegarasida yangi to‘qnashuvlar boshlandi
Armaniston Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, kecha mahalliy vaqt bilan taxminan soat 16:00da Armaniston hududi, Ozarbayjonning Lochin shahridan uncha uzoq bo‘lmagan Tex qishlog‘i hududida arman harbiylari o‘qqa tutilgan.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha esa, Ozarbayjon qo‘shinlarining Lochin yaqinidagi pozitsiyalari Armaniston tomonidan o‘qqa tutilgan.
Armaniston ham, Ozarbayjon ham qurbonlar va yaradorlar borligini ma’lum qilgan.
Tex qishlog‘i Lochindan to‘qqiz kilometr uzoqlikda, to‘g‘ri chiziqda joylashgan. Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston imzolagan 2020 yilning noyabr oyidagi kelishuvga binoan u yerga tinchlikparvar kuchlar olib kelingan. Ular Qorabog‘ hududining armanlar yashaydigan qismini nazorat qiladi. Avvalroq Qorabog‘ yo‘lidagi Lochin shahri Armaniston tomonidan ishg‘ol qilingan, biroq 2020 yil kuzida Ozarbayjon 44 kunlik urushda g‘alaba qozongach, kelishuvga ko‘ra qaytarib berilgan edi.
O‘shandan beri tomonlar turli yillardagi sovet xaritalaridan foydalanib, o‘rtadagi chegara qayerdan o‘tishini kelishib olishga harakat qiladi. 30 yildan ortiq davom etgan harbiy mojarolar davomida bu hududlar chegaralashi boshlanmagan.
Harbiy ustunlikka ega bo‘lgan Ozarbayjon tomoni bir necha bor Armaniston hududini egallab olishga urinishda ayblangan. Shunday qilib, 2021 yilning may oyida, aftidan, Ozarbayjon harbiylari Armaniston ichkarisiga bir necha kilometrga o‘tgan. O‘tgan yilning sentyabr oyida esa chegarada oxirgi urushdan keyingi eng yirik to‘qnashuvlar sodir bo‘lib, ikki tomondan o‘nlab odamlar qurbon bo‘lgan edi.
Tex qishlog‘i aholisining Azatutyun radiosiga aytishicha, ozarbayjonlar ikki haftadan beri qishloqqa tegishli hududda qolib, u yerda muhandislik ishlarini olib bormoqda.
Bu hudud har ikki tomon chegarachilari uchun muammoli bo‘lib qolgan. Bir hafta oldin Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Tex qishlog‘idagi vaziyatga to‘xtalar ekan, ma’lum hududlarda allaqachon chegarachilarni joylashtirish punktlari belgilangani aytgan. O‘shanda u vaziyat qisman yaxshilanganini bildirgandi.