Qorabog‘dagi ziddiyat: Boku Armaniston bilan chegaradosh bir qator hududlarni nazorat ostiga olganini e’lon qildi

Ozarbayjon harbiylari Armaniston bilan chegaradagi bir qator balandlik va hududlarni nazorat ostiga oldi. Bu haqda 30 mart kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi saytidagi xabarda aytilgan.

“Yangi Lochin yo‘lining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan bir qancha ustun balandliklar, asosiy va yordamchi yo‘llar, shuningdek, Lochin viloyatining Jagazur va Zabux qishloqlari o‘rtasidagi keng chegara hududi nazoratga olindi”, - deya ta’kidladi Ozarbayjon mudofaa vazirligi.

Ozarbayjon armiyasi nazorati ostidagi hududlarning boshqa tafsilotlari keltirilmagan.

Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi vaziyat 2022 yilning kuzida keskinlashdi. Yerevan va Boku bir-birini eskalatsiyada ayblashdi, shuningdek, har ikki tomondan qurbonlar haqida xabar bergan.

Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar 1988 yilning fevralida darz ketdi. O‘shanda Ozarbayjon SSR tarkibidan chiqqishini e’lon qilgan Tog‘li Qorabog‘ga egalik to‘g‘risidagi bahslar avj oldi. 1992-1994 yillardagi harbiy mojarolar paytida Boku Qorabog‘ ustidan nazoratni yo‘qotdi.

2020 yil sentyabrida Boku harbiy amaliyotlar davomida bir qator aholi punktlarini nazorat ostiga oldi. O‘sha yilning noyabr oyida Armaniston va Ozarbayjon Rossiya Federatsiyasi ishtirokida Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida shartnoma imzolashdi.

2022 yilda Tinchlik shartnomasini tuzishga tayyorgarlik ko‘rilayotganiga qaramay, Armaniston va Ozarbayjon muntazam ravishda bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganlikda ayblab kelishdi. Mojaroning yangi jiddiy kuchayishi 2022 yil sentyabrida yuz berdi. Armaniston Xavfsizlik Kengashi 13-14 sentyabr kunlari Ozarbayjon bilan ziddiyatning keskinlashuvi natijasida 207 kishi halok bo‘lganini, Ozarbayjon Mudofaa vazirligi 80 ga yaqin ozarbayjonlik harbiy halok bo‘lganini ma’lum qildi.