Boku Armanistonni Tog‘li Qorabog‘ bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lida nazorat-o‘tkazish punkti o‘rnatdi
Ozarbayjon Davlat chegara xizmati nazorat-o‘tkazish punkti “inson kuchi, qurol-yarog‘ va minalarning noqonuniy olib o‘tilishiga yo‘l qo‘ymaslik” kerakligini ta’kidladi. Armaniston bu iddaolarni qat’iyan rad etmoqda, deyiladi BBC xabarida.
“Ozarbayjon hukumati 2020 yil 10 noyabrdagi Uch tomonlama bayonotga zid ravishda Armaniston tomonining Lochin-Xonkendi yo‘lidan noqonuniy maqsadlarda muntazam, keng ko‘lamda foydalanilayotgani va kelib chiqadigan xavfsizlikka tahdidni hisobga olib, Ozarbayjon va Armaniston chegarasidagi yo‘lning boshlang‘ich nuqtasida nazorat o‘rnatish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rdi”, — deyiladi Ozarbayjon TIV bayonotida.
O‘zini atrof-muhit faollari deb atagan ozarbayjonlik namoyishchilar tomonidan o‘tgan yil dekabridan to‘sib qo‘yilgan Lochin yo‘lagi orqali erkin o‘tishga ruxsat berishni Ozarbayjonga joriy yil fevralida BMT Oliy sudi yuklagan edi. Bunga javoban Armaniston Ozarbayjon hukumatining tashabbusi va roziligi bilan harakat qilganini da’vo qilib, blokadani “etnik tozalash”ga urinish deb atasa, Boku rasmiylari yo‘lak blokadasiga aloqadorligini rad etmoqda.
Lochinda 2020 yildan buyon Rossiya tinchlikparvar kuchlari patrullik qiladi. Biroq Armaniston bir necha bor Moskvani Ukrainaga bostirib kirgandan keyin tinchlikparvarlik missiyasi doirasidagi majburiyatlarini bajarmayotganlikda ayblagan.
Xalqaro hamjamiyat Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjonning bir qismi deb biladi. 2020 yilgi olti haftalik urush davomida Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ va uning atrofidagi hududlarning Armaniston kuchlari ushlab turgan asosiy qismini nazoratga oldi. Rossiya vositachiligidagi tinchlik kelishuvi bilan yakunlangan janglarda 6500 dan ortiq odam halok bo‘lgani ma’lum.