“Armonim shu - dadamning janozasida qatnasholmadim!”
Inson bolaligida bir necha kasb egasi bo‘lishni orzu qiladi. Ammo hammaning ham bu istaklari amalga oshavermaydi. Payariq tumani Bahrin mahallasida tug‘ilib o‘sgan Gulbahor Umarqulovaning sportchi, harbiy va tibbiyot xodimi bo‘lish orzusi ushalgan.
- Inson chin dildan istasa va harakat qilsa barcha orzusiga yetar ekan, - deydi u. – Asosiy maqsadim harbiy bo‘lish edi. Avvaliga yaqinlarim bunga qarshi chiqdi. Shifokor bo‘lish niyatim ularga ma’qul edi. Tibbiyot bilim yurtini tamomlab, harbiy qismda hamshira bo‘lib ishlash imkoniyati tug‘ildi. Bunda faqat dadamgina meni qo‘llab-quvvatlagan. Keyin bolalikdagi uch orzuim bir joyda ro‘yobga chiqadigan bo‘ldi.
Gulbahor Umarqulova qariyb 20 yildan beri mamlakatimizning turli hududlaridagi harbiy qismlarda faoliyat ko‘rsatib kelyapti.
- Turmush o‘rtog‘im ham harbiy, - deydi G.Umarqulova. – Hayot qiyinchiliklarini u bilan birga yengib, uch farzandni tarbiyalab kelyapmiz. Ko‘pgina hamkasblarimizning rafiqalari harbiyning turmush o‘rtog‘i bo‘lish osonmasligini aytishadi. Men kabilarga esa ikki hissa mas’uliyat yuklangan. Ham harbiyning turmush o‘rtog‘i bo‘lish, ham harbiy qismda mehnat qilish osonmas, ammo sharafli, zavqli. Bu kasbni tanlaganim sportchi bo‘lish orzuimning ham amalga oshishiga sabab bo‘ldi. Turli musobaqalarda qatnashib, o‘zim faoliyat yuritayotgan harbiy qism sharafini munosib himoya qilyapman.
Qahramonimiz suhbat davomida shu kasbni tanlaganidan faxrlanib yurishini, hech qachon afsuslanmaganini ko‘p takrorladi.
- Faqat bir armonim bor, - deydi u. – Turmush o‘rtog‘im ham, men ham taqdir taqozosi bilan olisda xizmat burchimizni ado etayotgan chog‘imizda dadam olamdan o‘tgan. Men janoza marosimida qatnasha olmaganman. O‘sha joyda turib, u kishining haqlariga duo qilib qo‘yganman. Vatan himoyachisi sifatida burchni bajarishga kirishgan ilk kunlarimdanoq, barcha qiyinchiliklarni matonat bilan yengib o‘tishim zarurligini, Vatan himoyasini hamma narsadan, hatto jonimdan ham ustun qo‘yishimni dadam ko‘p ta’kidlar edi. Shukurki, dardkashim, sirdoshim, meni duo qilib turadigan onam hayot.
Gulbahor Umarqulova jasur o‘g‘lonlarning salomatligi, yurtimiz tinchligi yo‘lida sidqidildan mehnat qilib kelyapti. U ayol bo‘lsa-da, metin irodasi, mardonavor harakati bilan bolaligidagi orzulariga erishdi va yangi maqsadlar sari dadil qadam tashlamoqda.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV,
Sitora RUSTAMOVA.