Harbiylar va ularning oila a’zolariga qanday imtiyozlar bor?
Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 30 yilligi munosabati bilan joylarda keng ko‘lamli tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur muhim sana oldidan yurt tinchligi yo‘lida sharafli xizmatni ado etayotganlar uchun qonunchilikda belgilangan ayrim imtiyozlar haqida to‘xtalishni lozim topdik.
Harbiy xizmatga kimlar chaqirilmaydi?
Salomatligiga ko‘ra, harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan chaqiriluvchilar;
- yaqin qarindoshlaridan biri (aka-ukasi, opa-singlisi) harbiy xizmatni o‘tash vaqtida halok bo‘lgan yoki vafot etgan chaqiriluvchilar;
- ro‘yxatdan o‘tgan diniy tashkilotlardan birida diniy rutba egasi bo‘lgan chaqiriluvchilar.
Jinoiy javobgarlikka tortilgan, shuningdek, sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar ham harbiy xizmatga chaqirilmaydi.
Oliy ta’lim uchun tavsiya
Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha yuksak natijalarga erishgan, zaruriy bilim saviyasiga ega, namunali harbiy intizomini namoyon etgan eng munosib harbiy xizmatchilarga tavsiyanomalar beriladi.
Muddatli harbiy xizmatni o‘tab, tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolar:
- respublikaning oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra o‘zlari to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga;
- respublikadagi OTMning (oliy harbiy ta’lim muassasalari bundan mustasno) bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun OTM qabul parametrlaridan tashqari ajratiladigan alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
Tavsiyanomalar berilgan sanadan uch yil mobaynida amal qiladi.
Oilasiga imtiyoz beriladi
Turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi harbiy xizmat o‘tash joyini o‘zgartirganda talabalar o‘qishini ko‘chirish bahorgi semestrda o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishidan oldin ham amalga oshirilishi mumkin.
O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bitta yoki undan ortiq bolani (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolani) tarbiyalayotgan muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga ta’til ularning xohishiga ko‘ra, yozgi yoki ular uchun qulay bo‘lgan boshqa vaqtda beriladi.
Harbiylikka qachongacha o‘qish mumkin?
Oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlari lavozimlariga qabul qilinishdagi yosh senzlari 17 yoshdan 23 yoshgacha (ilgari 21 yoshgacha bo‘lgan) etib belgilangan.
Shuningdek, 26 yoshgacha bo‘lgan va oliy harbiy ta’lim muassasalarida aloqa muhandis texnigi va harbiy-tibbiyot ixtisosligi bo‘yicha o‘qish istagini bildirgan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining talabalari oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlari lavozimlariga o‘qishga qabul qilinishlari to‘g‘risidagi norma mavjud.
Tizimda yosh chegarasi bor
Qonun hujjatlarida harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatda bo‘lish yoshining chegaralari alohida belgilangan. Unga ko‘ra:
- kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askarlar (matroslar), serjantlar (starshinalar) uchun - 45 yosh;
- kichik ofitserlar uchun - 45 yosh;
- katta ofitserlar uchun - 50 yosh;
- polkovniklar (1-darajadagi kapitanlar) uchun - 55 yosh;
- general-mayor, general-leytenant va general-polkovnik harbiy unvonidagi ofitserlar uchun - 60 yosh.
Ko‘p xizmat uchun ko‘proq ta’til
Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning har yilgi navbatdagi ta’tillariga qo‘shimcha tarzda, xizmat yillarining kalendar hisobiga ko‘ra:
- 10 yillik harbiy xizmatdan so‘ng davomiyligi 5 sutkalik;
- 15 yillik harbiy xizmatdan so‘ng davomiyligi 10 sutkalik;
- 20 yillik va undan ko‘p harbiy xizmatdan so‘ng davomiyligi 15 sutkalik qo‘shimcha ta’til beriladi.
Harbiy xizmatdan bo‘shatilayotgan vaqtda kamida yigirma kalendar yili mobaynida harbiy xizmatni benuqson o‘tagan ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga tegishli buyruqlar bilan harbiy formani kiyish va farqlovchi nishonlarni taqish huquqi beriladi.
Bepul tibbiy ta’minot
Katta ofitser va generallar tarkibi bilan bir qatorda rezervga (iste’foga) bo‘shatilganidan (chiqarilganidan) so‘ng harbiy-tibbiy muassasalardagi bepul tibbiy ta’minotdan foydalanish huquqi xizmat yillarining umumiy davomiyligi 20 yil va undan ortiq bo‘lgan kichik ofitserlar, serjant va oddiy askarlar tarkibiga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Harbiy xizmatni yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlanish huquqiga ega.
Yashab turgan uyiga umrbod egalik
Turar joy bilan ta’minlanmagan oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga amaldagi sarf-xarajatlar doirasida (kommunal xizmatlar haqi bundan mustasno):
- Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha;
- Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida — BHM 3 baravarigacha;
- boshqa shahar va tumanlar markazlari hamda aholi punktlarida — BHMning 2 baravarigacha miqdorda to‘lanadi.
Oila a’zolari uch kishi va undan ortiq bo‘lgan taqdirda (harbiy xizmatchining o‘zini hisoblamagan holda) ushbu pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshiriladi.
Haqiqiy harbiy xizmatni o‘tayotgan (rezervga, iste’foga bo‘shatilgan) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar harbiy xizmatining umumiy davomiyligi 10 va undan ortiq kalendar yilga yetganda uy-joy qonunchiligida ko‘zda tutilgan me’yor va tartiblarga muvofiq, o‘zlari egallab turgan turar joylarini bepul xususiylashtirib olish huquqiga ega.
Boshlang‘ich badalsiz ipoteka krediti
Uy-joy bilan ta’minlanmagan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga ularning arizasiga binoan uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditini berish tizimi bo‘yicha taqdim qilinayotgan ijtimoiy normasi doirasida sotib olinadigan (quriladigan) turar joy qiymatining 25 foizi miqdoridagi dastlabki badal davlat byudjeti mablag‘lari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘lanishi mumkin.
Bog‘chaga navbatsiz qabul
Harbiy xizmatchilarning farzandlari yashash joyi, shu jumladan, vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha maktabgacha ta’lim muassasalari va o‘rta ta’lim muassasalari, shuningdek, vazirlikning bolalar sog‘lomlashtirish lagerlariga navbatsiz qabul qilinadi.
Ya’ni, bog‘chada bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lganda harbiy xizmatchilarning bolalariga birinchi navbatda yo‘llanma beriladi.
Bepul yo‘lovchi transporti
Haqiqiy muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar shahar yo‘lovchi transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega.
Yarador bo‘lgan harbiy xizmatchilar, ishchilar va xizmatchilardan 1 va 2-guruh urush nogironlari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga temir yo‘llarda yiliga bir marta bepul yurish huquqi (borish va kelishga) taqdim qilingan.