Harbiy-ma’muriy sektorda ahvol qanday?
Samarqand viloyatidagi harbiy muassasalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash harbiy-ma’muriy sektorning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, o‘tgan yili 18 nafar harbiylarning oila a’zolariga imtiyozli kredit ajratilib, 42 nafari tadbirkorlikka o‘qitildi. Harbiy xizmatchilar oila a’zolari bandligini ta’minlash maqsadida 21 marta mehnat yarmarkalari o‘tkazildi. Mazkur yarmarkalar orqali 432 kishining bandligi ta’minlandi.
Qayd etish lozimki, tizim xodimlari va faxriylarni uy-joy bilan ta’minlash ham doimiy e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Xususan, ushbu maqsadda Samarqand shahar “Obod maskan” mahallasi hududida 210 ta xonadondan iborat ko‘p qavatli uy barpo etildi. Bayram oldidan 120 ta uy Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari, xizmat vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari, harbiy pensionerlarga topshirildi. Yanvar oyi oxiriga qadar yana 90 ta yangi uy o‘z egalariga beriladi.
Shuningdek, “Vatanparvar” mahallasida joylashgan harbiy shaharchadagi xizmat uylari Samarqand shahar hokimligi balansiga olinib, 800 dan ortiq harbiy pensionerlarga xususiylashtirib berildi.
Ayni paytda Urgut tumanidagi chegara qo‘riqlash vzvodi harbiy xizmatchilari uchun 4,4 milliard so‘m mablag‘ asosida 24 xonadondan iborat xizmat uylari qurilmoqda.
Harbiylar haqida gap ketganda dala o‘quv maydoni alohida ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Shu ma’noda “Sazag‘on” dala o‘quv maydonida 4,5 milliard so‘mlik qayta qurish ishlari amalga oshirildi. Bugungi kunda ushbu o‘quv maydonida harbiy-taktik o‘quv mashqlarini takomillashtirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
Harbiy shaharchada 50 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurilgan markaz tizim xodimlari va ularning oila a’zolariga xizmat ko‘rsatadigan gospital sifatida Markaziy harbiy okrugga topshirildi. Umuman, harbiy-ma’muriy sektordagi ijobiy o‘zgarishlar haqida gap ketganda “N” sonli harbiy qism shaxsiy tarkibi uchun qurilayotgan oshxonani ham aytib o‘tish o‘rinli. 3,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanayotgan 200 o‘rinli askarlar oshxonasi barcha shart-sharoitlarga ega bo‘ladi.
Ayni kunlarda vatanparvarlik oyligi doirasida umumiy o‘rta ta’lim va kasb-hunar maktablarida hamda chekka qishloqlarda “Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy, sport tadbirlari, uchrashuvlar, harbiy chiqish va ko‘rgazmalar hamda konsert dasturlari o‘tkazilmoqda.
Bugungi kungacha 5 ming 550 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, 1 500 dan ortiq sport musobaqalari, 300 dan ortiq harbiy texnikalar namoyishi tashkil etildi. Bu tadbirlarda 60 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi.
2 ming 564 nafar harbiylarning oila a’zolari va harbiy pensionerlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kasallik aniqlanganlarni ambulator va statsionar tarzda davolash choralari ko‘rilmoqda.
Albatta, amalga oshirilayotgan ishlar bu bilan cheklanib qolmagan. Eng muhimi, ijobiy o‘zgarishlar davom ettiriladi. Buning uchun harbiy-ma’muriy sektorning 2021 yilga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, aniq vazifalar belgilab olingan.
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy kasbga yo‘naltirish, intellektual salohiyatini oshirish borasidagi ishlar barcha mahallalarda tizimli ravishda davom ettiriladi.
Shuningdek, Samarqand shahridagi “Vatanparvar bog‘i” konsepsiyasini bugungi kun talablari asosida ishlab chiqib, foydalanishga topshirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
Qahramon Ochilov,
Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari, viloyat harbiy-ma’muriy sektor rahbarining harbiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari.