Avto 24: Lokatsiya noto‘g‘ri, narxlar bir xil. Nega?

Havo harorati minus darajaga tushib qolishi ortidan yoqilg‘i quyish shoxobchalarida metan gaz topish muammoga aylandi. Aksariyat yoqilg‘i quyish shoxobchalarida vaqtincha emas, balki umuman ushbu yoqilg‘i berilmayotgani kuzatildi. Shu holatlar ortidan Energetika vazirligi tomonidan quyidagi xabar tarqaldi.

“Energetika vazirligining xabar berishicha, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (gaz “zapravkalar”) faoliyatiga qisqa muddatli cheklov kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Bu bo‘yicha viloyatlar va tumanlar hokimliklari rasmiy axborot manbalarida tegishli tartibda ma’lumot berib borilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Aholiga yoqilg‘i quyish, gaz to‘ldirish hamda elektr quvvatlash shoxobchalari haqida onlayn ma’lumot berib borish maqsadida ishlab chiqilgan “Avto24” ilovasi yordamida shoxobchalar faoliyati bilan bog‘liq barcha ma’lumotlarni onlayn rejimda kuzatish mumkin.

Ushbu xabar saytimizda e’lon qilingach, o‘quvchilardan qator e’tirozlar tusha boshladi. Jumladan, vazirlik e’lon qilgan ilova orqali berilayotgan ma’lumotlar noto‘g‘ri, “gaz zapravkalar”da gaz bor, belgisi turibdi, vaholanki yoqilg‘i sotilmayapti, kabi fikrlar bildirilmoqda.

Ilovaga kirib, ma’lumotlarni qarab chiqqanimizda rostdan ham shunday holatlar kuzatilgan. Qolaversa, iste’molchilardan tushayotgan e’tirozlar ham ko‘p ekan. Jumladan, “Ilova juda sekin ishlayapti”, “Ilovani takomillashtirish kerak kerak, lokatsiyalar noto‘g‘ri ko‘rsatilyapti”, “Ilovada barcha yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi narx bir xil ko‘rsatilgan. Vaholanki, narxlar turlicha”, “Yopiq shoxobchalar ham ochiq, deya ko‘rsatilgan”, kabi.

Aytish kerakki, ilovada har bir fikrga javob qaytarilyapti. Aksariyat javoblar ilova test rejimida ishlayapti, ish jarayonida takomillashtirilmoqda, kabi mazmunda. Haqiqatan ham juda katta hajmdagi ilova faoliyati yo‘lga qo‘yilish avvalida test rejimida ishlaydi va bir necha kun davomida to‘ldirilib, aniq vaqt, holat va ko‘rsatkich rejimida ishlashi lozim.

O‘ylaymizki, “Avto 24” ilovasi qish tugagach emas, shu yaqin kunlarda maqsad etilgan tartibda ish boshlaydi.

Gulruh Mo‘minova.