Avtomobil yuvish shoxobchalari ogohlantirildi

Samarqand viloyatidagi aksariyat avtomobillarni yuvish shoxobchalarining ekologik holati talab darajasida emas. Bunday shoxobchalarda foydalanilgan chiqindi suvlar ariq, ko‘cha va kanallarga oqizilmoqda. Bu xizmat turida ishlatilgan suvni chetlari beton bilan qoplangan chuqurlarga tushirish va ikkinchisi orqali filtrlab o‘sha suvni yana ishlatish talab etiladi.

Ammo tadbirkorlar bu qoidalarga rioya etmaydi. Buning uchun esa, qat’iy choralar belgilangan. Ko‘rilayotgan choralarga qaramay, bunday shoxobchalar soni kun sayin ortmoqda.

Shu boisdan ham viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘ining 2020 yil 23 oktyabrdagi topshirig‘iga asosan, viloyatning barcha avtomobil yuvish shoxobchalarida tegishli tartiblar asosida targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirib, ogohlantirishlar berilmoqda.

Yaqinda Paxtachi tumani inspeksiyasi davlat inspektorlari tomonidan tumandagi avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda avtomobillarni yuvish (moykalar) shoxobchalarini xatlovdan o‘tkazish tadbirlari o‘tkazildi. Tadbirlarda atrof-muhitni muhofaza qilish qonunchiligi talablariga rioya qilish borasida tushuntirish-targ‘ibot ishlari va ogohlantirish xatlari berildi. 

Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati.