Ayrim import tovarlarga bojxona to‘lovi o‘zgaradi
2024 yil 12 avgustdagi “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga asosan, 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab:
- bazaviy hisoblash miqdori (BHM) — 375 000 so‘m etib belgilangan (bugungi kunda mazkur miqdor – 340 000 so‘mni tashkil qiladi).
Viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur o‘zgarish import qilinayotgan tovarlar uchun to‘lanadigan bojxona to‘lovlari miqdoriga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ayrim turdagi tovarlar uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etish to‘g‘risida”gi
347-son qaroriga ko‘ra “g‘ildirakli transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar va ularning tirkamalari” hamda “pnevmatik rezina shinalar va pokrishkalar” importida utilizatsiya yig‘imi undirilishi belgilangan bo‘lib, mazkur yig‘im BHMga nisbatan belgilangan holda hisoblanadi.
Masalan, 2024 yilda ishlab chiqarilgan “BMW X7” avtomobili uchun bugungi kunda va 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab undiriladigan utilizatsiya yig‘imi miqdori farqi quyidagicha ko‘rinish oladi:
- avtotransport vositasining dvigatel hajmi 2998 sm kubni tashkil qilib, bunga esa yuqorida keltiriligan qaror asosida BHMning 180 barobarida utilizatsiya yig‘imi qo‘llaniladi. Bugungi kun holatida bu miqdor 61 200 000 so‘mni (180x340 000) tashkil qilsa, 1 oktyabrdan 67 500 000 so‘mni tashkil qiladi. Natijada umumiy bojxona to‘lovlari 6 300 000 so‘mga ko‘p to‘lanadi.