Samarqandga xorijdan 8 ta avtomobil olib kelindi

Davlatimiz rahbarining shu yil 21 fevralda qabul qilingan “Avtotransport vositalarining ichki bozorini rivojlantirishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, mamlakatimizga xorijdan avtomobillar olib kirishda bojxona to‘lovlari stavkalari pasaytirilishi belgilandi.

Mazkur qaror asosida amalga oshirilayotgan ishlar, berilgan imtiyoz va yengilliklar yuzasidan Samarqand viloyati bojxona boshqarmasiga murojaat qildik.

– Bojxona kodeksining 289-moddasiga asosan, tovar va transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib o‘tishda import bojxona boji, aksiz solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, utilizatsiya yig‘imi va bojxona yig‘imlari to‘lanadi, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari J.Fayzullayev. – Yuqoridagi qaror bilan Prezidentning 2018 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 1-ilovasida tasdiqlangan “yengil transport vositalar”ning import bojxona boji stavkasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritildi.

Shunga muvofiq, o‘zgartirish kiritilgunga qadar amalda bo‘lgan ayrim “yengil transport vositalari”ning import bojxona boji stavkasi bojxona qiymatining 30 foizi + kub.sm.ga 1,8-2,5 AQSh dollargacha belgilangan bo‘lsa, o‘zgartirish kiritilgandan so‘ng, ishlab chiqarilganiga bir yil oshmagan yengil transport vositalariga import boji stavkasi ikki baravarga kamaytirilib, ya’ni 15 foiz + kub.sm.ga 0,8-1,25 AQSh dollari etib belgilandi.

Misol uchun, Birlashgan Arab Amirligidan olib kelingan, ishlab chiqarilganiga 1 yildan oshmagan “BMW X7” markali transport vositasiga bojxona boji stavkasiga o‘zgartirish kiritilmagunga qadar jami 537,7 million so‘m bojxona to‘lovlari to‘lagan bo‘lsa, o‘zgartirish kiritilgandan so‘ng 385,4 million so‘m bojxona to‘lovlari undirilmoqda, ya’ni 152,3 million so‘m kam to‘lanmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatimizga xorijiy avtotransport vositalarini olib kirish Adliya vazirligi tomonidan 2010 yil 19 noyabrda 2156-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror bilan tartibga solinadi. Qarorning ikkinchi bandida “xorijiy avtotransport vositalari - xorijiy davlatlarning ro‘yxatga olish idoralarida ro‘yxatda turgan va O‘zbekiston Respublikasi hududiga chet el fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsiy ehtiyojlarini qondirish hamda yuklar va yo‘lovchilarni xalqaro tashish maqsadlarida vaqtincha olib kiriladigan avtotransport vositalari” ekanligi;

15-bandida “xorijiy avtotransport vositasi O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga kirgandan so‘ng bojxona bojlari va soliqlardan to‘liq ozod etilgan holda, ushbu hududda turishining umumiy muddati kalendar yil mobaynida jami to‘qson kalendar kundan oshmasligi lozim, xalqaro yuk va yo‘lovchi tashishda qo‘llaniladigan avtotransport vositasi bundan mustasno” ekanligi;

16-bandida “bojxona bojlari va soliqlardan to‘liq ozod etilgan muddat o‘tgandan so‘ng xorijiy avtotransport vositasini bir kalendar yil davomida to‘qson kalendar kundan ortiq muddatga vaqtinchalik olib kirganlik uchun olib chiqib ketish muddatining o‘tkazib yuborilgan har kuni uchun transport vositasining har bir ot kuchidan bazaviy hisoblash miqdorining 0,7 foiz miqdorida yig‘imni to‘lash sharti bilan yo‘l qo‘yilishi” belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 noyabrdagi 700-son qarorining 1-ilovasi 7-bandiga muvofiq, 90 kundan keyin, muddati o‘tgan har kuniga har bir ot kuchi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 0,7 foizi miqdorida majburiy yig‘im undirilishi belgilangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon Samarqand viloyatiga 8 ta (Birlashgan Arab Amirliklaridan 6 ta, Amerika Qo‘shma Shtatlaridan 2 ta) yengil transport vositasi olib kelingan. O‘tgan yilning shu davrida esa viloyatga BAAdan 15 ta, Koreya Respublikasidan 2 ta avtomobil olib kelingan.

G‘.Hasanov.